Energetik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan islohotlar “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida sifat oʻzgarishlariga katta turtki boʻldi

13:34 16 Aprel 2026 Jamiyat
220 0

Energetika xavfsizligini mustahkamlash, jumladan, tabiiy gazga boʻlgan ichki talabni barqaror qondirish, iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz taʼminlash mamlakatimiz energetika siyosatining asosini tashkil etadi. Shu bois iqtisodiyot va aholining tabiiy gazga ehtiyoji ortib borayotgan hozirgi sharoitda “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Buni Prezident joriy yilning oʻtgan qisqa davrida tizim rahbariyati bilan olti marta uchrashib, sohani rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab bergani ham tasdiqlaydi.

Muxbirimiz “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisining moliya, transformatsiya va xususiylashtirish boʻyicha birinchi oʻrinbosari Suhrob Hamroyev bilan neft-gaz tarmogʻida qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirish va yangi zaxiralarni oʻzlashtirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar hamda tizimdagi katta oʻzgarishlar haqida suhbatlashdi.

— Keyingi paytda bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan neft-gaz sanoati isloh qilinib, “Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tizimida samaradorlikni oshirishga qaratilgan tizimli yangilanishlar amalga oshirilyapti. Aytingchi, bu saʼy-harakatlar sohada qanday sifat oʻzgarishlarga sabab boʻlyapti? Uning dastlabki natijalari nimalarda koʻrinmoqda?

— Davlatimiz rahbari tomonidan energetika tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, neft-gaz tarmogʻi tubdan isloh qilinmoqda. Bu jarayonda bizning oldimizga tabiiy gaz qazib chiqarish dinamikasini tushirmaslik, mavjud pasayish omillarini bartaraf etish hamda ularni qoplash vazifasi qoʻyilgan. Shundan kelib chiqib, jamiyatimiz tomonidan “Dolzarb 100 kunlik” dasturi eʼlon qilindi. Ishlar ana shu dastur asosida pishiq-puxta yoʻlga qoʻyilgan tufayli dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, joriy yilning birinchi choragida erishilgan samara va qisqartirilgan xarajatlar 3,0 trln. soʻmni tashkil qildi.

Taʼkidlash joizki, erishilgan samara hisobidan geologiya qidiruv, 3D seysmik qidiruv ishlari, burgʻilash va qazib chiqarish hamda mahsulotlarni chuqur qayta ishlash tadbirlari moliyalashtirilishi rejalashtirilgan boʻlib, bu kelgusida yangi konlarning ochilishi, uglevodorodlarni qizib chiqarish hajmining oshishiga zamin yaratadi.

Bundan tashqari, kadrlar masalasida ham ancha oʻzgarishlar amalga oshirildi, jumladan, xodimlar soni ixchamlashtirilib, joylardagi ishchi-xodimlar ish haqlari oshirildi. Albatta, bu ham ish samaradorligiga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatyapti.

2026-2027-yillarda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini barqaror darajada taʼminlash maqsadida geologiya-qidiruv va geologik-texnik ishlarni kengaytirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda tabiiy gaz zaxiralarimiz istiqboli qanday baholanyapti? Ayrim mustaqil ekspertlarning yaqin yillarda Oʻzbekiston gaz eksport qiluvchi davlatdan uni import qiluvchi mamlakatga aylanishi haqidagi prognozlari nechogʻlik haqiqatga yaqin?

— Maʼlumki, Oʻzbekiston ulkan yer osti boyliklariga ega mamlakat hisoblanadi. Xususan, tabiiy gaz zaxirasi boʻyicha dunyoning yetakchi davlatlar qatoridan joy olgan. Lekin ayni damda bundan 20, 30-yil avval topilgan gaz quduqlarining bosimi tobora pasayib borishi natijasida ishlab chiqarish koʻrsatkichlari pasaymoqda. Shu boisdan Prezidentimiz tomonidan sohada, eng avvalo, geologiya-qidiruv va burgʻilash ishlariga katta eʼtibor qaratilyapti. Amaliyotga zamonaviy texnologiyalar qoʻllanilayotgani bu boradagi imkoniyatlarni tobora kengaytirmoqda. Natijada bugungi kunda geologiya-qidiruv ishlari geologik jihatdan murakkab hisoblangan yangi hududlarda hamda yanada chuqurroq yotgan istiqbolli qatlamlarda olib borilmoqda. Aytaylik, ilgari neft-gaz sohasidagi qidiruv ishlari faqat 2,5−3 ming metr chuqurlikda olib borilardi. Endilikda bu bizga chegara emas. Oʻtgan yili sanoatimiz tarixida birinchi marta Ustyurtda 6,5 ming metr yer qaʼrini burgʻilab, juda katta gaz zaxirasi topilgani shunday deyishga asos boʻladi.

Respublikadagi kon va maydonlarning chuqur geologik tuzilishini oʻrganish hamda izlov burgʻilashga yangi strukturalar aniqlash maqsadida jami 10 000 kv.km hajmda 3D seysmik qidiruv ishlari oʻtkazilishi belgilandi. Bu oʻtgan yildagiga nisbatan 4 baravar koʻpdir.

Shuni alohida eʼtirof etish joizki, bu yil “Oʻzbekneftgaz” tarixidagi eng katta hajmda burgʻilash ishlari amalga oshiriladi. Yaʼni 103 ta quduq, shu jumladan, 58 ta izlov-qidiruv qudugʻi, 45 ta ishlatish qudugʻini burgʻilash reja qilingan. Geologiya qidiruv ishlarini jadallashtirish, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish maqsadida 20 ta investitsiya bloki uchun ruxsatnomalar olindi. Oʻz navbatida, geologiya-qidiruv asbob-uskuna parkini modernizatsiya qilish hamda ularga zamonaviy uskunalarni jalb qilish maqsadida 12 ta burgʻilash dastgohi, 2 ta 3D seysmik majmua va 100 dan ortiq karotaj asbobini xarid qilish yuzasidan xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borildi.

Yurtimizda energetik barqarorlikni taʼminlash maqsadida shu tariqa tabiiy gaz zaxiralari yil sayin koʻpaytirib borilaveradi. Jumladan, 2026-yilda “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan tabiiy gaz zaxiralarini oʻstirish hajmi 25,0 mlrd. m3 qilib belgilangan.

Joriy yilning birinchi choragida yangi quduqlarni ishga tushirish, mavjudlarini taʼmirlash va texnologik tadbirlarni amalga oshirish hisobiga qoʻshimcha hajmlar taʼminlandi. Bu boradagi ishlar koʻlamini yil davomida yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.

Geologiya-qidiruv ishlarida haqida gap ketganda, odamlar koʻz oldiga, eng avvalo, Surxondaryo viloyatida roʻy bergan texnogen holatlar keladi, desak, adashmaymiz. Yangi istiqbolli maydonlarni izlash, quduqlarni chuqur burgʻilash va geologik qatlamlarni oʻrganish jarayonida xavfsizlikni taʼminlash masalasida amaliyotga qanday texnologik va innovatsion yechimlar qoʻllanilmoqda?

— Xavfsizlikni taʼminlash, koʻngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ayniqsa, burgʻilash va dala ishlari ustidan xalqaro standartlar asosida nazoratni kuchaytirish maqsadida supervayzing tizimini yoʻlga qoʻyish, geologik-gidrodinamik modellashtirish va qazib chiqarish dasturlarini yanada puxta shakllantirish boʻyicha choralar belgilangan.

Shundan kelib chiqib, dastlab quduqning geologik qatlamlari chuqur oʻrganiladi, xavfsizlikni taʼminlovchi barcha zarur chora-tadbirlar koʻriladi. Chunki quduq anomal yuqori bosimli boʻlishi ehtimoli bor. Shu sababli, quduq usti oʻrnatiladigan mukammal jihozlar bosim ostida sinovdan oʻtkaziladi. Shuningdek, oʻrganilmagan quduqlarni burgʻilashda xodimlar hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish uchun barcha turdagi himoya vositalari bilan toʻliq taʼminlanadi.

Ushbu yoʻnalishdagi texnologik va innovatsion yechimlar haqida gap ketganda, jamiyat markaziy apparatida burgʻilash ishlarini boshqarish markazi tashkil qilinib, burgʻilash jarayonlari 24/7 rejimida doimiy nazorat qilish yoʻlga qoʻyilganini aytish joiz. Bundan tashqari, favqulodda holatlar va ochiq neft-gaz favvoralarining oldini olish maqsadida Oʻzbekiston harbiylashtirilgan qismini yangi texnologik uskuna va jihozlar bilan taʼminlash, xodimlar malakasini oshirish va koʻnikmalar hosil qilish uchun virtual trenajyorlar orqali tayyorlash, xorijda tajriba oshirish choralari koʻrilmoqda.

— Sohada qoʻshimcha qiymat yaratish, yaʼni gazni chuqur qayta ishlash orqali qoʻshilgan qiymat zanjirini hosil qilish, import oʻrnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qanday yangi loyihalar amalga oshirilyapti?

— Import oʻrnini bosuvchi va eksportbop qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish “Oʻzbekneftgaz” AJ bugungi faoliyatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan. Natijada ushbu yoʻnalishda koʻplab loyihalar ijrosiga kirishilgan.

Ular orasidan “Uzbekistan GTL zavodi negizida chiziqli alkilbenzol (LAB) ishlab chiqarish” loyihasini alohida keltirishni istardim. Sababi, hozirgi kunda Oʻzbekiston LAB (Linear Alkylbenzene — chiziqli alkilbenzol) mahsuloti boʻyicha toʻliq importga bogʻlanib qolgan boʻlib, unga boʻlgan ichki ehtiyoj yiliga taxminan 25-30 ming tonnani tashkil etadi. Maishiy kimyo bozori rivojlangani sayin unga talab yiliga oʻrtacha 3-5 foizga oʻsib bormoqda. Natijada maishiy kimyo vositalari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar LAB mahsulotini katta valyuta evaziga Rossiya, Eron, Xitoy, Saudiya Arabistoni kabi davlatlardan sotib olishyapti. Bu esa tayyor mahsulot — kir yuvish vositalari narxining raqobatbardoshligini pasaytiradi.

Yangi loyiha amalga oshirilgach, LAB mahsulotiga boʻlgan ichki talab toʻliq qoplanib, importiga hojat qolmaydi. Eng asosiysi, loyiha toʻliq roʻyobga chiqarilgach, Oʻzbekistonda har yili 40-50 mln. dollar miqdoridagi xorijiy valyuta tejab qolinadi.

Ayni paytda Qozogʻiston Respublikasining “KMG Petrochem” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ushbu loyihaning loyiha oldi hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Xabaringiz boʻlsa kerak, “Oʻzbekneftgaz” AJning homiylik toʻlovlarini toʻxtatish haqidagi qarorlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi. Xarajatlarni maqbullashtirish, sohaga oid boʻlmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish moliyaviy barqarorlikni taʼminlashda qanday rol oʻynaydi?

— Bu savolga javob berishdan oldin, avvalo, “Sohaga oid boʻlmagan aktivlar” haqida tushuncha berish maqsadga muvofiq. Yaʼni u korxonaning asosiy faoliyatiga oid boʻlmagan hamda ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etmaydigan aktivlarga nisbatan aytiladi.

Mazkur aktivlarni tasarrufdan chiqarish hamda homiylik toʻlovlarini toʻxtatish orqali sarflanayotgan saqlash xarajatlarini iqtisod qilishga va operatsion xarajatlarni maqbullashtirishga erishiladi. Iqtisod qilingan resurslar esa ishlab chiqarish jarayonida zarur boʻlgan xomashyo va materiallar xarid qilish, tabiiy gaz zaxiralarini koʻpaytirish va qazib olish barqarorligini taʼminlash, taʼmirlash va butlash, geologiya ishlariga yoʻnaltiriladi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda soha xodimlari, aniqrogʻi, quyi tizimda mehnat qilayotgan ishchilarning oylik maoshi kamligi va ularning vaqtida berilmasligi bilan bogʻliq eʼtirozlarga ham tez-tez duch kelamiz. Yangi rahbariyat ushbu yoʻnalishda qanday oʻzgarish qilyapti?

— Qaysi soha boʻlmasin, uning barqaror rivojlanishi, istiqboli, eng avvalo, inson kapitaliga bogʻliq. Shuning uchun “Oʻzbekneftgaz” tizimida inson kapitaliga ustuvor ahamiyat qaratilib, xodimlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, huquq va manfaatlari, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish alohida muhim yoʻnalish sifatida belgilandi.

Biz yuqorida qayd etgan iqtisodiy samaraning maʼlum bir qismi xodimlarning oylik maoshlarini oshirish, issiq ovqat, mavsumiy va maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlash, talabga javob bermaydigan eski avtobuslar oʻrniga xavfsiz va qulay boʻlgan, zamonaviy avtobuslar sotib olish kabi muhim ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishga sarflanadi. Misol uchun, Ustyurt kengliklaridagi ishchilar uchun 200 oʻrinli yotoqxona, 160 oʻrinli oshxona va anjumanlar zali qurilmoqda. Shuningdek, kon va obyektlardagi mavjud ishchilar shaharchasi bosqichma-bosqich kapital taʼmirlanishi, gigiyenik anjomlarni yangilash hamda zarur maishiy jihozlarni xarid qilish va kir yuvish xonalarini tashkillashtirishga ham mablagʻlar yoʻnaltiriladi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tizim tashkilotlari tomonidan 2026-yil

1-apreldan boshlab ishchi-xodimlarning oylik ish haqi 10 foizga oshirilgani ham ishchi-xodimlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar sirasiga kiradi, albatta.

Davlatimiz rahbari tomonidan ichki nazorat va komplayens tizimini kuchaytirish, korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish jamiyat faoliyatining muhim ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilab berilgan. Bu borada olib borilayotgan ishlar haqida ham toʻxtalsangiz.

— Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan ichki nazorat va komplayens tizimini kuchaytirish, korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish jamiyat faoliyatining muhim ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilab berilgan. Ana shu asosida 2026-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat departamentining tashkiliy tuzilmasi qayta koʻrib chiqilib, yangi tahrirda tasdiqlandi.

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, komplayens nazorat yoʻnalishida muqaddam qabul qilingan 20 dan ziyod ichki idoraviy hujjat takomillashtirish maqsadida qayta koʻrib chiqildi. Shuningdek, 21 nafar xodim rotatsiya qilindi.

Prezidentimizning 2025-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmonining ijrosini taʼminlash hamda tizim tashkilotlarida korrupsiyaviy omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan bir nechta korxona va tashkilotlarda oʻrganishlar oʻtkazildi. Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etildi.

Shu bilan birga, xaridlar jarayoni nazoratida bir qator ortiqcha xarajatlarning oldi olindi. Chet el va mahalliy korxonalarning sanksiyaviy roʻyxatlarda mavjudligi yuzasidan tekshiruvlar oʻtkazib kelinmoqda. Manfaatlar toʻqnashuvi yoʻnalishidagi oʻrganishlar natijasida bir nechta holatlar (qarindoshchilik) mavjudligi aniqlanib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli ishlar bajarildi.

Umuman olganda, korrupsiyaviy xavf-xatarlar reyestri shakllantirilgan boʻlib, ushbu xavf-xatarlarning yuqori darajadagilarini oʻrta darajaga, oʻrta darajadagilarini past darajaga tushirish chora-tadbirlari koʻrildi. Bularning barchasi neft-gaz sohasini rivojlantirish, “Oʻzbekneftgaz” tizimida tabiiy gaz qazib chiqarishda oʻsish surʼatlariga erishish orqali energetik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Said RAHMON

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер