Endilikda koʻrishda nogironligi boʻlgan insonlar bebaho xazinadan bahramand boʻlishlari mumkin

16:48 04 Dekabr 2023 Jamiyat
466 0

Poytaxtimizdagi Yoshlar Press klubida “Kitob Plus” — koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan insonlar uchun Oʻzbekistondagi birinchi audiokitoblar onlayn kutubxonasini yaratish yuzasidan loyiha taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Taqdimotda OAV vakillari hamda boshqa hamkor tashkilot xodimlari, shuningdek, inklyuziv taʼlimga muhtoj boʻlgan iqtidorli yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev ochib, mazkur loyihani keng ommaga joriy etish hamda yaratilgan ilova foydalanuvchilari auditoriyasini kengaytirish maqsadida bajarilishi kerak boʻlgan rejalar xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

— Bu ilovaning boshqa platformalardan farqli tomoni shundaki, ilova barcha qulayliklarga ega boʻlib, foydalanuvchilar esa uchta tilda — oʻzbek, rus, ingliz tillarida bemalol qoʻllay olish imkoniga ega boʻlishadi. — dedi “Kitob Plus” loyihasi rahbari Mirali Gʻiyosov. — Qolaversa, onlayn kutubxona ortiqcha qiyinchiliklarsiz ishlaydi va kutubxona toʻrtta boʻlimdan — kitoblar, mualliflar, suxandonlar, janrlardan tashkil topgan hamda bu borada zarur boʻlgan barcha elementlar bilan boyitilgan. Oʻzbek va jahon adabiyotiga doir audiokitoblar jamlanmasi platformaga joylashtirilgan.

Press klub davomida rossiyalik dasturchi, “Logos” onlayn kutubxonasining bosh direktori Mixail Korneyev loyihaning texnik jihatlari, qaysi platformalar uchun moʻljallangani haqida ishtirokchilar bilan onlayn tarzda muloqot qildi.

Darhaqiqat, ushbu loyiha amaliyotga tatbiq etilishi koʻrishda nogironligi boʻlgan insonlarning bebaho xazinadan bahramand boʻlishi, audiokitoblarni tinglab maʼnaviy olamini yanada boyitishlari uchun yaqindan koʻmak beradi desak mubolagʻa emas.

Tadbir yakunida ishtirokchilar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Munira RAHIMOVA, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер