Endi yuqori instansiya sudlariga yanada katta masʼuliyat yuklanadi — Qonun loyihasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan atroflicha koʻrib chiqilmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan sud qarorlarini qayta koʻrishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek fuqarolar va tadbirkorlarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Xususan, sudning ajrimi ustidan shikoyat berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida koʻrib chiqish amaliyoti joriy etilmoqda. Yaʼni, qonun loyihasida tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada koʻrilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda appellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish vakolati berilyapti.
Bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishining imkoniyatlari yanada kengayadi. Bunda birinchi instansiya sudining qaroridan norozi taraflar viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida koʻrib chiqiladi.
Sud ishidan yana norozi boʻlingan taqdirda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida koʻrib chiqilgan ishlar Oliy sudning sudlov hayʼatida qayta koʻrib chiqiladi.
Endi yuqori instansiya sudlariga yanada katta masʼuliyat yuklanib, ishni yangidan koʻrish uchun quyi sudlarga yuborish tartibining bekor qilinayotgani ham sud hujjatidan norozi shaxsning yuqori instansiyaga ishonchini mustahkamlaydi.
Ushbu qonun loyihasi sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish mexanizmini yanada takomillashtirishga hamda sud qarorlarini qayta koʻrishning yangi tartibini joriy etish orqali odil sudlov sifatini hamda fuqarolar va tadbirkorlarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʻminlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan moddama-modda muhokama qilindi va uchinchi oʻqishda qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring