Endi Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrining oʻz simfonik orkestri bor
Foto: Xalq so‘zi
Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrining, yigirma besh yildirki, simfonik orkestri yoʻq edi. Musiqa zarur sahnalarda 5-6 nafar sozandali ansambldan foydalanib kelinayotgandi. Yaqinda teatr oʻzining yangidan tashkil etilgan estrada simfonik orkestriga ega boʻldi. Orkestrga avval Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatrida tajriba orttirgan, Sirdaryo viloyatida tugʻilib oʻsgan yosh sanʼatkor Dilmurod Tojiboyev dirijyorlik qilmoqda.
Eʼtiborlisi, orkestr asarlarni musiqiy taʼminlash barobarida oʻzining alohida konsertlarini ham namoyish etmoqda.

— Ushbu musiqiy dasturlar odatdagidan farqli oʻlaroq, jahon va milliy sahna asarlari durdonalaridagi mashhur ariyalardan tuzilgani hamda bu qoʻshiqlar obrazga kirilgan holda hamda qaysidir rol qiyofasida ijro etilishi bilan ajralib turadi, — deydi yosh aktyorlardn biri. — Yaʼni tomoshabin bir vaqtning oʻzida ham qoʻshiq eshitadi, ham biror bir spektakldan parcha koʻrib, zavq oladi.
Kuni kecha Matbuot va ommaviy axborot xodimlari kuni munosabati bilan mazkur orkestr tomonidan ana shunday katta konsert dasturi namoyish etildi.
Maʼlumot uchun.Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri yaqinda vodiy viloyatlarida gastrolda boʻldi. Spektakllar bilan birga “Sanʼatimiz sizga armugʻon” deb nomlangan konsert dasturlarini ham namoyish etdi. Oʻtgan teatr mavsumida esa haftaning har shanba va yakshanba kunlari kunduzi bolalar, oqshom kattalar uchun chipta narxlarini juda arzon belgilagan holda uzluksiz spektakllar qoʻyib, minglab yurtdoshlarimizga madaniy xizmat koʻrsatdi.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring