Endi shifosi xorijda emas, oʻzimizda
Inson uchun eng katta boylik — uning salomatligi! Mirzaobodlik 68 yoshli bemor ham bunga yurak-qon tomiri kasalligi xurujiga uchragach yana bir bor amin boʻldi. Yaqinlari unga Toshkentdagi akademik V. Vohidov nomli Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojaat qilishni tavsiya qilishdi. Lekin tashxis uchun Guliston tibbiyot klasteriga kelgan otaxonning poytaxtga borishiga hojat qolmadi. Yetakchi mutaxassislar tomonidan shu yerning oʻzida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotida unga uchta koronar qon-tomiriga shunt qoʻyildi. Eʼtiborlisi, operatsiya katta kesmalarsiz, tanada uchta kichik teshik hosil qilish orqali amalga amalga oshirilgan. Zamonaviy texnologiyalar asosida oʻtkazilgan amaliyot paytida sunʼiy qon aylanish tizimiga zarurat boʻlmadi. Bir necha kun oʻtgach esa ota kasallikdan toʻliq xalos boʻlib, oʻzning nabiralari, yaqinlari bagʻriga qaytgan. Eʼtiborlisi, joriy yilning oʻzida 217 nafar shaxsda ana shunday oʻta murakkab amaliyot oʻtkazilgan.
Eʼtirof etish kerakki, Prezidentimizning sohani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari natijasida Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash tizimi ham rivojlanish sari yuz burdi. Shifoxonalarga zamonaviy texnologiyalar joriy qilina boshlandi. Xorijdan eng soʻnggi rusumdagi tibbiy jihozlar, diagnostik vositalar olib kelindi. Viloyatning oʻzida shifokorlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Shu kabi xorij va respublika ilmiy-amaliy markazlarining yetakchi mutaxassislari ishga jalb qilindi.

Mamlakatimizda ilk bor Sirdaryo viloyatida tajriba tariqasida tibbiy sugʻurta tizimi joriy etildi. Bu esa yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlarni oyoqqa turgʻizish, sogʻlom hayotga qaytarishda nihoyatda qoʻl kelmoqda. Oldinlari xorijda va poytaxtda oʻtkazilgan murakkab jarrohlik amaliyotlarini nafaqat viloyat markazida, balki tuman tibbiyot birlashmalarida amalga oshirish imkonini berdi. Xususan, oʻtgan yili akademik V. Vohidov nomli Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali va yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda Guliston, Mirzaobod, Sirdaryo tumanlarida ana shunday amaliyotlar oʻtkazildi. Jumladan, Guliston tumanida istiqomat qiluvchi 34 yoshli tugʻma yurak nuqsoni bor bemorda tumanning oʻzida ochiq jarrohlik amaliyoti oʻtkazilib, nuqson plastika yoʻli bilan bartaraf etilgani koʻpchilikning eʼtirofiga sazovor boʻlgandi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya, koʻz mikroxirurgiyasi, kardiologiya, shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining Sirdaryo viloyat hududiy filiallarida ham bir paytlar imkonsiz boʻlgan murakkab davolash amaliyotlari amalga oshirilmoqda. Quvonarlisi, ayni operatsiyalarda mahalliy shifokorlar ham muvaffaqiyatli ishtirok etishni boshladi. Bunda poytaxtdan kelgan yetakchi mutaxassislar bilan tuman-shaharlardagi shifokorlar oʻrtasida ustoz-shogird anʼanalarining yoʻlga qoʻyilgani katta ahamiyatga ega boʻldi.

— Joriy yilning 6 oyi davomida Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasiga qarashli shifoxonalarda 12 ming 430 nafar bemorda jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi, — deydi Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosari Yusuf Mirxonov. — Eʼtiborlisi, shundan 2300 tasi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotidir. Ayniqsa, sakkiz nafar fuqaroda oʻtkazilgan buyrak transplantatsiyasi ular uchun qayta hayot eshigini ochib berdi.
Yaqin-yaqingacha oʻta murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun poytaxtga, xorijga borishga majbur boʻlinardi. Ovoragarchilik, navbat kutish, qoʻshimcha xarajat katta muammolarni keltirib chiqarardi. Endi esa ahvol butunlay oʻzgacha: bugungi kunda Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalarida nafaqat mahalliy, balki yaqin-atrofdagi xorij fuqarolari ham davolanmoqda. Bu esa tibbiy turizmni rivojlantirishga ham ijobiy taʼsir qilgan. Joriy yilning oʻzida Guliston tibbiyot klasterida qoʻshni davlatlarning oltmishdan ortiq fuqarolari davolandi. Ular klasterda transplantatsiyalash, total endoprotezlash, yurak-qon tomir tizimidagi tromblarni stentlash orqali oʻz dardlariga shifo topishgan.

— Muassasamizda joriy yilning oʻzida 132 nafar bemorda yuqori texnologik amaliyotlar oʻtkazildi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali direktori Sundir Oʻrinboyev. — Shulardan 47 tasi muqaddam davosi yoʻq hisoblangan onkogematologik, 28 tasi koʻkrak bezi, 28 tasi oshqozon-ichak trakti oʻsma kasalliklari bilan bogʻliq. Eng muhimi, ushbu amaliyotlarni oʻtkazish uchun bemorlarning respublikadagi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojaat qilishiga hojat qolmadi.
Bir soʻz bilan aytganda, Sirdaryo tibbiyotida yuz berayotgan mana shunday hayotbaxsh oʻzgarishlar insonlarga salomatlikdek bebaho neʼmatni saqlab qolish, hayotlarini yanada uzaytirishda katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Gʻulom PRIMOV,
Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot kotibi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring