Endi xonadon kadastrini uch kun, hovlinikini besh kunda olish mumkin
Foto: “Xalq so‘zi”
Bu davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi tobora takomillashib borayotgani sharofatidir. Misol uchun, birgina kadastr hujjatini tayyorlash uchun arizani davlat xizmatlari markazlari orqali yuborish aholi va tadbirkorlarni ortiqcha yugur-yugurlardan xalos etmoqda. Tan olib aytish kerak, tashkilotlar o‘rtasida axborot almashinuvi yo‘qligi bois ayni yo‘nalishdagi xizmatlar sifatidan aholining uncha ko‘ngli to‘lmagani ham bor gap. Chunki kadastr pasporti, fuqarolarning nomida shaxsiy turarjoy mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida maʼlumotnoma olish, yer uchastkasidan foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yaqin kunlargacha faqatgina ko‘chmas mulk joylashgan hududdagi kadastr bo‘limiga murojaat qilingan.
- Endi ushbu hujjatlarni eksterritorial tartibda davlat xizmatlari markazidan olish imkoniyati yaratildi, -deydi Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Foziljon Jo‘raboyev. - Yangi tartibga ko‘ra, kvartira uchun kadastr pasportini 3 ish kunida, hovli uchun 5 ish kunigacha bo‘lgan muddatda olish mumkin. Kadastr pasporti yo‘qolganda qog‘oz yoki plastik shakldagi yangi pasport esa ikki ish kuni mobaynida beriladi.
Mutaxassislarning aytishicha, ko‘chmas mulk obyektlarining noturar joyga oid qismi bo‘yicha hujjat maydoniga qarab 5 ish kunidan 25 ish kuniga qadar bo‘lgan muddatda tayyor bo‘ladi. Ilgari bu borada ham noqulayliklar kuzatilgan. Boisi, ko‘chmas mulk obyektiga bo‘lgan huquq turi yoki egasi o‘zgarganda, lekin obyektning texnik parametrlari o‘zgarmagan taqdirda ham majburiy ravishda kadastr pasportini qayta rasmiylashtirish kerak bo‘lar edi. Bu bilan fuqarolarning ikki marotaba to‘lov qilishiga to‘g‘ri kelgan. Hozirda bu amaliyot bekor qilindi. Shuningdek, yangi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulk obyekti egasi o‘zgarganda kompozit xizmatdan foydalanib, bir ariza bilan reyestrdan ko‘chirma va kadastr pasportini bir vaqtda olish imkoni yaratildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring