Elning rizqiga koʻz olaytirmang

12:06 15 Aprel 2026 Jamiyat
192 0

Illyustrativ foto

Faylasuflarning aytishicha, davlat mablagʻiga xiyonat qilganning kosasi oqarmaydi. Qadimda ham hozir ham shunday. Chunki unda eng avvalo nogironlaru oʻzgalar yordamiga ehtiyojmand, kambagʻal odamlarning haqqi bor. Oʻmarish deymizmi, soxtalik yo talon-taroj deb ataymizmi, nima deyilishidan qatʼiy nazar bu jinoyatni maʼlum bir muddat hech kim bilmasligi mumkin, hatto davlat hisobidan taralla bedod qilib yurganlarni ham baʼzan koʻrib qolamiz, ammo vaqt oʻtgach tekshiruvchi keladiyu barchasi suv betiga qalqib chiqadi, gʻirromlik tutuniga toʻlgan pufak paq etib yoriladi, oson pul topish ilinjida ogʻizga solingan “luqma” qarmoqning oʻtkir uchi misoli tomoqqa tiqiladi. Ana shunday keyin tomoshani koʻring. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentidan olingan quyidagi misollar fikrimizning yaqqol isbotidir.

—2026-yil 19-yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudida “Firdavs Agro Market” va “Agro Smart Pro” MCHJ rahbarlarining 2023-2024-yillardagi jinoiy harakati boʻyicha ish koʻrib chiqildi, — deydi deydi departament boshligʻining maslahatchisi Nurbek Xalimov. — Maʼlum boʻlishicha, bozorni arzon qilamiz, aholi uchun qulaylik yaratamiz, deya davlat idorasini ishontirgan soxta tadbirkorlar Samarqand viloyat hokimligi huzuridagi “Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash” jamgʻarmasidan katta miqdordagi pulni olishganu asosiy maqsad — kundalik ehtiyoj mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdosini tashkil etishni butkul unutishgan. Oqibat uch yil oʻtmay gʻaroyib biznes egalari “toʻr”ga ilindi. Davlatning puli toʻgʻri sarflandimi, degan maqsadda oʻtkazilgan tekshirishda hammasi oydinlashdi, hujjatlar tilga kirib aybdorlarni tutib berdi. Qogʻoz gapiradi, degani shu boʻlsa kerak. Bu “uchar” tadbirkorlar qonun himoyachilariga roʻbaroʻ boʻlgach, davlatdan olgan pullarini ham birpasda toʻlashdi, ustiga ustak ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima ham qoʻllandi. Vaholanki, mazkur MCHJ larga berilgan 15 milliard soʻmga yaqin mablagʻ maqsadli ishlatilganida,pulning bir qismi kayf-safoga sarflanmaganda, six ham kabob ham kuymasdi, dehqon bozori arzon va sifatli qishloq xoʻjalik mahsulotlariga toʻlgan, tadbirkorlar esa otning kallasidek jarima toʻlamagan, sudma sud, tergovma tergov yurmagan boʻlardi. Yaxshiki, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 167-moddaning 4-qismida “Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi“ deb yozib qoʻyilgan. Aks holda “ozodlik” degani uzoq yillar ularning tushiga ham kirmasdi.

Nurbek Halimovning taʼkidlashicha, “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJda logistik va ehtiyot qismlar omborxonasi boshligʻi boʻlib ishlagan shaxsning qilmishi yanada gʻaroyib. U zavod rahbarlari tomonidan bildirilgan ishonchga xiyonat qilgan va zavod omborida turgan jami bahosi 352 mln.155 ming 915 soʻmlik “TTZ-812” rusumli traktorlarning 23 turdagi 1439 dona ehtiyot qismlarini talon-toroj qilgan.

—Bu qingʻirlik toʻrt yil oʻtgach, taftish chogʻida oshkor boʻldi, —deydi Nurbek Xalilov soʻzini davom ettirib.— “Hujjatlarni koʻraylik, omborni oching-chi,” deyishganda aybdorning oyoqlari qaltirab ketdi, qizardi, boʻzardi, turli bahonalar toʻqidi, ammo qogʻozdagi imzolaru raqamlarni yoʻqota olmadi. “Ehtiyot qismlar qanot chiqarib uchib ketdimi,” deyishdi zaharxandalik bilan taftishchilar. Bunga ayni shu taftishni oʻtkazishga bel bogʻlagan zavod maʼmuriyati ham hayron qoldi. Oqibat uddaburon omborchi yetkazilgan zararni toʻliq qopladi. Soʻng oʻtgan yil 17-iyul kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi jinoyatchini 1 (bir) yilga moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qildi hamda ish haqining yigirma foizini davlat foydasiga ushlab qolgan sharti bilan 2 (ikki) yillik axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.

Yana bir holat. Bundan ikki yil avval 23-aprel kuni jinoyat ishlari boʻyicha Yangihayot tuman sudi “Yorqinhayot” mahalla fuqarolar yigʻini binosiga kelib ochiq sayyor sud majlisini oʻtkazdi. Ayblanuvchi Yangihayot tumani tibbiyot birlashmasining sobiq bosh hisobchisi “FULL PHARM” MCHJdan umumiy qiymati 338.990.000 soʻm boʻlgan “IVL SV600” rusumli sunʼiy nafas olish uskunasi oʻrniga “MINDRAY-SV 350” boʻlgan uskunasini (narxi 283.122.298 soʻm) oladi va bu ikki texnika oʻrtasidagi farq — 112.735.404 soʻmlik byudjet mablagʻini oʻz foydasiga hal qilmoqchi boʻladi. Kim biladi deysiz, oʻsha mahal shifokorlaru jamoaning nazarida halol-pokiza koʻringan bu odam “tejab qolingan” pulni nimalarga sarflashni koʻzlagan boʻlsa?.. Qaysidir ogʻir xasta va koʻmakka juda muhtoj odamga “meni maoshim shundogʻam yuqori, manavini olingu ishlating, sogʻayib keting”, demoqchi boʻlgandir. Bu shunchaki yaxshi niyat — faqat kinolarda koʻrsatilishi mumkin, aslo sud kursisiga oʻtirgan odamning faoliyatida emas. Qizigʻi shundaki, mazkur uskunalar xaridi boʻyicha shartnoma “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunga asosan Xarid.uz sayti orqali elektron shop doʻkon orqali rasmiylashtirilgan. Sobiq bosh hisobchi “FULL PHARM” MCHJdan 2 dona “MINDRAY SV350” rusumli tibbiyot uskunalarini olib kelgan va bir muddat omborda saqlagan ham. Soʻng uni shahardagi 1-sonli tugʻruqxonaga topshirgani olib borganda reja chippakka chiqadi. Tugʻruqxona mutasaddilari “Bu matohing bizga kerak emas, tagʻin narxi oʻzgartirilgan,” deya tibbiyot birlashmasining bosh hisobchini haydab soladi. Agar ular ham imi-jimida, choychaqaga koʻnib hujjatga qoʻl qoʻyganda bormi, sudda mungʻayib oʻtirganlar soni karrasiga oshardi. Yaxshiki, ochiq sud majlisida taʼkidlanganidek, jinoyatchi davlatga yetkazilgan zarar yaʼni 112.735.404 soʻm pulni tergov organining depozit hisob raqamiga toʻladi. Shunga majbur boʻldi. Ustiga ustak u sud hukmiga koʻra, 1 (bir) yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi, shuningdek sobiq bosh hisobchiga ish haqining 15 foizini davlat hisobiga ushlab qolish sharti bilan ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Aslida mazkur sudning ochiq tarzda mahalla binosida oʻtkazilgani, qonun talabiga koʻra jinoyatchi, deb nom olgan masʼullarning nomini oshkor qilmaganimizda ham bir hikmat bor. Avvalo tibbiyot tizimida, odamlar salomatligi uchun ajratilayotgan pulni “tuya” qilmoqchi boʻlgan odamning qilmishini, uning tavbasini mahalla ahli koʻrdi, bildi. Uning oʻzi bundan ming karra afsusda. Koʻr hassasini bir marta yoʻqotadi, deganlaridek yuqoridagi jinoiy ishlar qahramonlari — aybdorlar boshqa adashmaydi, shunga umid qilamiz. Qolaversa maqolamizda ularning nomini tilga olish ham muhim emasdi. Baxtiyormi, Azizmi, Shuhratmi, gap ismda emas. Eng muhimi biz tilga olgan voqealar boshqalarni hushyorlikka chorlaydimi, gap ana shunda. Negaki, davlatning har bir soʻmini maqsadli ishlatish, uni yurt farovonligiga xizmat qildirish – bu tom maʼnoda insoniy burch, vatanparvarlik demak. Ayniqsa bugun, davlatimiz taraqqiyot sari dadil odimlayotgan mahal. Bu yoʻldan atay “adashgan”u, qonun talabini unutganlar esa shak- shubhasiz, odil sud oldida tiz choʻkadi, tavba qiladi.

Abdunabi ALIQULOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?