Elektron kutubxona imkoniyatlari kengaymoqda

18:09 24 Iyul 2024 Jamiyat
1165 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Axborot texnologiyalarining keng koʻlamda kirib kelishi tufayli soʻnggi yillarda kutubxonalar ham anʼanaviy koʻrinishdagidan zamon talablariga javob beradigan avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona markazlariga aylandi.

— Kutubxonachilik ishida avtomatlashtirilgan texnologiyalarning joriy etilishi foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatish sifatining yuqori boʻlishini taʼminlamoqda, — deydi Sirdaryo viloyati Axborot-kutubxona markazi direktori vazifasini bajaruvchisi Tavakkal Takaboyev. — Biz 2019-yildan “UzNEL” dasturi asosidagi axborot-kutubxona tizimi vositasida elektron katalog yaratish ishlarini boshlagan edik. Oʻsha yilning oʻzida oʻzbek va rus tillarida 12 ming 306 nomdagi kitoblarning bibliografik yozuvlari elektron katalogga kiritildi. Markazimizning sirdaryo.natlib.uz. veb-sayti esa 2018-yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Unda “Qidiruv”, “Mening kutubxonam”, “Kutubxona xizmati”, “Kutubxona haqida” kabi sahifalar mavjud.

Elektron kutubxona kutubxona fondining saqlanishini taʼminlash va saqlashni tashkil qilish, yigʻish, foydalanuvchilarning axborot resurslariga lokal hamda masofaviy kirishini taʼminlash, axborot massivlarini yaratishda juda katta imkoniyatlarga ega. Qolaversa, kutubxonaning adabiyot fondi tashqi manbalardan oladigan elektron resurslar va kutubxonadagi mavjud nashrlarning elektron nusxalarini yaratish tufayli yanada boyimoqda.

Aytish lozimki, nashrlarning elektron nusxalari raqamlashtirish vositasida yaratiladi. Raqamlashtirish, birinchi navbatda, koʻp soʻraladigan yagona nusxadagi kitoblardan boshlangan. Bosma nashrlarni raqamlashtirishda skanerdan foydalaniladi. Kutubxona oʻz foydalanuvchilarini elektron resurslar bilan taʼminlab, maʼlumotlarni HTML, PDF, DOC formatlarida taqdim qiladi. Barcha axborotlar kutubxona serverida hamda SD, DVD disklar vositasida saqlanadi.

— Elektron resurslar fondini boyitish maqsadida kutubxonaning resurslari asosida kitoblarni raqamlashtirish ishlarini boshladik, —deydi Sirdaryo viloyati Axborot-kutubxona markazi Kataloglashtirish va axborot-kutubxona fondlariga ishlov berish xizmati rahbari Zilola Fayziyeva. — Birinchi navbatda foydalanuvchilar tomonidan koʻp soʻraladigan yagona nusxadagi, qayta nashr qilinmaydigan adabiyotlar raqamlashtirilmoqda. Bu esa oliy oʻquv yurtlari, oʻrta maxsus va umumtaʼlim maktablarida oʻqiyotgan yoshlar uchun bir qator qulayliklarni yaratmoqda. Yaʼni bir necha foydalanuvchi bir paytning oʻzida kutubxonaning elektron oʻquv zalida yagona nusxadagi kitobni axborot texnologiyalari vositasida raqamli formatda oʻqish imkoniga ega boʻlayotir. Shu bilan birga, yagona nusxadagi adabiyotlarning “umrini uzaytirish”ga va kutubxonaning elektron resurslarini koʻpaytirishga zamin yaratildi.

Darhaqiqat, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining kutubxonachilik sohasida qoʻllanilishi va internetning keng yoyilishi foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatishning yangi shakllarini amalga kiritdi. Mazkur kutubxonada foydalanuvchilar uchun hujjatni skanerlash, kseronusxa olish, matnni printerda chop qilish va boshqa shu kabi xizmatlar ham yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari, foydalanuvchilar kutubxonachi koʻmagida internet resurslariga kirishi va oʻziga kerakli axborotni olishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер