Elektr, tabiiy gaz, issiqlik taʼminotida muammo boʻlmasligini kafolatlash birinchi galdagi vazifamiz - Maʼrufjon Usmonov
Illustrativ foto
Mamlakatimizda hukm soʻrayotgan anomal sovuq kunlarni imkon qadar betalofat oʻtkazish, bu borada aniq va tezkor choralar koʻrish maqsadida Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov sektor rahbarlari, mutasaddi korxona-tashkilot masʼullari ishtirokida hududdagi kommunal xizmat koʻrsatish tizimi faoliyati bilan tanishmoqda.
Birinchi cektor rahbari dastlab Qoʻqon tumanlararo perinatal markazidagi isitish tizimlarini, binolardagi ichki haroratni nazoratdan oʻtkazdi. Masʼullarga muassasada tabiiy gaz taʼminotini yanada yaxshilash, yoqilgʻi zaxirasini yaratish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

Oʻz navbatida shahar hokimi bemorlar va ularning yaqinlari bilan muloqot qilib, sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni oʻrgandi.
Maʼlumki, Fargʻona viloyatida ob-havo sharoiti inobatga olingan holda maktablarda taʼlim jarayonlari 16-yanvar kunidan boshlanishi belgilandi. Qoʻqon shahridagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim maktablarida olib borilgan oʻrganishlar davomida hokim qozonxonalar va sinfxonalarni koʻzdan kechirib, energiya tejamkor isitish tizimlaridan foydalanish hamda yoqilgʻi zaxirasini yaratish muhimligini qayd etdi.
— Maqsadlarimiz mushtarak boʻlsa, albatta, har bir muammoning yechimi bor, — dedi Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov. — Shu bois bugungi sinovli kunlarda barchamiz faollik va fidoyilik koʻrsatishimiz kerak. Aholi xonadonlari, ijtimoiy soha muassasalarida elektr, tabiiy gaz, issiqlik taʼminotida muammo boʻlmasligini kafolatlash birinchi galdagi vazifamiz.
Oʻrganishlar asnosida shahar hokimligi, kommunal soha idoralarida tashkil etilgan etilgan tezkor shtablar doimiy va benuqson ishlashini taʼminlash chora-tadbirlari belgilab olindi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring