El salomatligi – hamma narsadan muhim

17:44 08 Aprel 2020 Jamiyat
1110 0

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi salbiy taʼsirlarining oldini olish borasida zarur choralar koʻrilmoqda. Xususan, kuni kecha qabul qilingan Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni “tojsimon virus” keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalariga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Ushbu Farmon asosida birinchi navbatda turistik va mehmonxona faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari va yengilliklari berilayotganligi shunday qiyin vaziyatda tadbirkorlarimizni oʻz holiga tashlab qoʻyilmasligining amaliy ifodasidir.

Kichik biznes subyektlari, yuridik shaxslar sifatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, bugun qishloqlarda koʻp ish joylarini tashkil etib, endi oyoqqa turayotgan paxta-toʻqimachilik klasterlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, ularga kreditlar boʻyicha taʼtillar, imtiyozlar berilayotganligi koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini ancha pasaytirish imkonini beradi.

Ushbu Farmonda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator chora-tadbirlar belgilanganligi aholi turmush tarzini yana-da yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Jumladan, joriy yil mart-iyun oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni toʻlash uchun qoʻshimcha murojaat va hujjatlar talab etilmasligi, ular avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytirilishi ushbu davrda boshqa muhtoj oilalarga ham shunday nafaqalar tayinlash davom ettirilishi aholi tomonidan minnatdorlik bilan qabul qilinmoqda. Bu choralar orqali yana 120 mingdan ziyod kam taʼminlangan oilalarni qamrab olinishi (hozirda 600 mingta), karantin davrida yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena tovarlari bepul yetkazib berilishi borasida belgilangan chora-tadbirlar mamlakatimizda olinib borilayotgan insonparvarlik siyosatining yaqqol ifodasidir.

Prezidentimiz xalqimizga qilgan murojaatlarida barchamizni yana-da jipslashish, sabr-matonatli boʻlish va shifokorlar tavsiyalariga toʻliq rioya qilishga chaqirdi. Zero, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, uyda qolishga daʼvatlar – bularning bari fuqarolarimiz sogʻligʻini asrash uchun qilinayotganligini dildan his etib turibmiz.

Abira HUSEYNOVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер