Eksportyorlarga yengillik yaratilmoqda hamda ijara va lizing munosabatlari takomillashtirilmoqda

12:07 24 Avgust 2023 Jamiyat
697 0

Foto: Sirojiddin Vohidov, «Xalq so‘zi»

Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valyutani tartibga solishga, ijara va lizing munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokama qilingan Qonun tadbirkorlik sub’yektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirishga, ijara va lizing sohasida fuqarolik-huquqiy munosabatlarni samarali tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, unda “Ijara to‘g‘risida”gi, “Lizing to‘g‘risida”gi hamda “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

“Ijara to‘g‘risida”gi Qonunga keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq ta’rifi kiritilib, shartnoma ob’yektini tasarruf etish va garovga qo‘yish, shuningdek, undiruvga qaratishning o‘ziga xos xususiyatlari aks ettirilmoqda.

Qonun bilan ijaraga beruvchi o‘ziga tegishli mol-mulkni keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi asosida ijaraga berganda ijaraga oluvchi tomonidan shartnoma shartlari bajarilganidan so‘ng tegishli mulkni ijaraga oluvchiga mulk qilib topshirish majburiyatini olishi, ijaraga oluvchi esa ijara to‘lovlarini shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lash majburiyatini olishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi tuzilgan paytdan e’tiboran shartnomada ko‘rsatilgan mol-mulk garovga qo‘yilgan hisoblanib, uni boshqa shaxslarga garovga berish yoki boshqacha tarzda tasarruf etish taqiqlanmoqda.

Shuningdek, “Lizing to‘g‘risida”gi Qonunga lizing shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan vaqtdan e’tiboran shartnoma ob’yekti lizing beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash uchun lizing oluvchida garovga olingan hisoblanishi to‘g‘risidagi qoida kiritilmoqda.

Lizing beruvchi lizing oluvchining roziligini olmay turib, lizing ob’yektini boshqacha tarzda tasarruf etish huquqiga ega emasligi belgilanmoqda.

Qolaversa, undiruvni lizing ob’yektiga qaratishdan oldin uning qiymatini lizing oluvchi tomonidan to‘liq to‘lash orqali mulk qilib olishi mumkinligi ko‘rsatilmoqda.

“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunga yangi norma kiritilib, unga ko‘ra, bir eksport shartnomasi doirasida jami yetkazib berilgan mahsulot qiymatining 5 foizidan oshmagan qismi bo‘yicha xorijiy valyuta tushumi ta’minlanmaganligi oqibatida vujudga kelgan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan jarima qo‘llamaslik nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi bevosita tadbirkorlarning eksport salohiyatini va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, ijara va lizing munosabatlarida qonuniylikni ta’minlash va firibgarlik jinoyatlarini oldini olish, shu bilan birga, lizing munosabatlari sub’yektlari huquqlarini ta’minlash va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etilishini ta’minlaydi.

Muhokamalardan so‘ng senatorlar ushbu Qonunning dolzarbligi va zarurligini e’tiborga olib, uni ma’qulladilar.

Foto: Sirojiddin Vohidov, «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер