Ehtiyojmand oilalar qoʻllab-quvvatlanmoqda

12:10 04 Iyun 2024 Jamiyat
299 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Aholi, ayniqsa, yosh oilalarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, oʻzini-oʻzi band qilishlari uchun imkoniyat yaratib berish davlatimizning asosiy diqqat eʼtiborida. Shu maqsadda mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan kam taʼminlangan oilalar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilmoqda. Bu borada Nurobod tumanidagi Sarikoʻl mahallasi tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mahallada 695 ta xonadon, 812 ta oila mavjud boʻlib, aholi, asosan, chorvachilik bilan shugʻullanib kelar, koʻpchilik aholi vakillari doimiy daromad manbaiga ega emas edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-apreldagi 949-sonli qaroriga asosan, mahalla yettiligi tomonidan oilaviy tadbirkorlikni takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda birgina oʻtgan yilda 2 ta ishlab chiqarish korxonasi, tikuvchilik sexi, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish maskanlari tashkil etilib, 10 dan ortiq qishloq yoshlari doimiy ish bilan taʼminlandi.

— Shuningdek, qishloq yoshlarining boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida zamonaviy sport majmui bunyod etilib, yoshlar ixtiyoriga berildi, — deydi Sarikoʻl MFY hokim yordamchisi Mashrab Yarqulov. — Bu boradagi ishlar joriy yilda ham keng qamrovda davom etmoqda. Mahalla fuqarolar yigʻini raisi, faollar, hokim yordamchisi tashabbusi bilan chorvachilikni rivojlantirish yoʻnalishidagi loyihalar ijrosini taʼminlash uchun 7 ta oilaga 130 million soʻmlik 65 dona mayda shoxli mollar tarqatildi.

Eʼtiborli jihati shundan iboratki, mayda shoxli mollar naslini yaxshilash, nasl olish uchun veterinariya nazoratiga olingan boʻlib, tegishli soha mutaxassislari tomonidan belgilangan vaqtda veterinariya koʻrigidan oʻtkazilmoqda. Bundan tashqari mahallada bankning 33 million soʻmlik kredit mablagʻi evaziga avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish maskani barpo etilib, 2 ta ish oʻrni yaratildi, 3 nafar kam taʼminlangan xotin-qizlarga tikuv mashinasi berildi.

— Turmush oʻrtogʻim 3-4-yil Rossiyada ishlab, yaqinda keldi. Qishloqda ish boʻlmaganligi sababli, mahalla fuqarolar yigʻini raisi, hokim yordamchisiga murojaat qildik. Mahalladan komissiya aʼzolari kelishib, oilaviy sharoitlarimizni oʻrganishdi va bizga ham 11 bosh mayda shoxli mollar ajratildi, — deydi Yulduz Suyunova. — Endilikda uch nafar farzandim, turmush oʻrtogʻim bilan ularni parvarishlashga kirishganmiz. Kelgusida qoʻylar sonini koʻpaytirib, turmush sharoitimizni yanada yaxshilashni, farzandlarimizning toʻyini oʻtkazishni rejalashtiryapmiz.

Bularning barchasidan koʻzlangan asosiy maqsad, aholini ish bilan taʼminlash, ularda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirgan holda turmush farovonligini oshirishdan iborat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер