Ehtiyotsizlikka yoʻl qoʻymaylik!
Arxiv foto
Maʼlumki, yongʻinlar asosan ehtiyotsizlik, nosoz qoʻlbola gaz va elektr isitish uskunalari va tizimlaridan foydalanish, shuningdek, bolalar kattalar nazoratidan chetda qolib, olov bilan oʻynashlari oqibatida kelib chiqadi.
Bu hodisalarning deyarli hammasi aholi turar joylarida roʻy berishini esa beparvolik, loqaydlikning bir koʻrinishi desak adashmagan boʻlamiz. Yongʻin xavfsizligi xizmati xodimlari yongʻinlarning oldini olish borasida mahallalar, xalq taʼlimi muassasalari, korxona va tashkilotlarda oʻtkazayotgan uchrashuvlar, keng miqyosda olib borilayotgan tushuntirish ishlari maʼlum darajada oʻz natijasini bermoqda. Bu esa targʻibot ishlarining koʻlamini yana-da kengaytirish vazifasini qoʻyadi.
Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, fuqarolarga yongʻinlarning oldini olish borasidagi tushuntirish ishlari nafaqat yongʻin xavfsizligi xizmati xodimlarining, balki jamiyatimizdagi har bir zamondoshimizning burchi ekanligini anglata bilish maqsad sari qoʻyilgan ilk qadam desam boʻladi.
Sodir boʻlayotgan yongʻinlarga koʻp hollarda bolalar sababchi boʻlayotganini hisobga olsak, bu oʻz navbatida yongʻin chiqqanda bajarilishi talab etiladigan tadbirlarni sodda tilda, qisqa va loʻnda tushuntirishni taqozo etadi. Bola ongida oʻt balosi haqida tasavvur uygʻotish, uning ishtirokida roʻy berishi mumkin boʻlgan noxush holatlar kamayishiga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatishi tabiiy. Bu borada xizmat xodimlari tomonidan maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari bilan yongʻin xavfsizligi qoidalari, yongʻinning oldini olish choralari haqida jonli lavhalar, koʻrgazmali qurollar yordamida uchrashuvlar, suhbatlar oʻtkazish maqsadga muvofiqdir.
Zotan, yongʻinni oʻchirgandan koʻra, uning oldini olgan afzalroqdir. Bu haqidagi lavhalar, oʻtkazilgan uchrashuvlar, suhbatlar va yongʻin oʻchirishda ishlatiladigan birlamchi yongʻin oʻchirish vositalarini ishlatish boʻyicha olingan tasavvur va bilimlar esa oʻzining ijobiy taʼsirini albatta namoyon etadi.
D.Husanov,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi binosida
YOXTTE boʻlinmasi inspektori, kapitan
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring