Egasi bor mulkning ertasi bor
Foto: Халқ сўзи
Mulk oʻz egasini topishi, ayniqsa, xususiy sektor qoʻliga oʻtishida hikmat koʻp. Boisi uni qoʻlga kiritgan sarmoyador, avvalo. korxonada ish unumdorligi, mahsulot sifati va raqobatbardoshligi, ishlab chiqarish hajmi oshishidan manfaatdor. Bu oʻz-oʻzidan iqtisodiyot barqarorligi, jamiyatda farovonlik garovidir. Shu bilan birga bozorda monopoliyaning har qanday koʻrinishlariga barham berishi bilan ahamiyatli.
Prezidentimizning mazkur maqsadlarni nazarda tutgan 2020-yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga binoan mamlakatimizda 32 ta yirik davlat korxonasi va xoʻjalik birlashmalarining transformatsiyasini oʻtkazish, 39 korxonada korporativ boshqaruv va moliyaviy auditning zamonaviy standartlarini joriy etish, shuningdek, operatsion faoliyatining samaradorligini oshirish, 62 ta yirik tizim yaratuvchi sanoat korxonalarining davlat ulushini xususiy investorlarga sotish maqsadida investitsiya jozibadorligini oshirish, 479 ta korxonaning davlatga tegishli aksiyalarini sotish va 15 ta davlat koʻchmas mulki obyektini xususiy sektorga sotish vazifalari belgilangan. Shuningdek, ilgariroq qabul qilingan tegishli qarorlar asosida hududiy darajadagi mahalliy hokimiyat organlari vakolatlari doirasida bir qator davlat aktivlarini xususiylashtirish rejalashtirilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Navoiy viloyatiga tashkil etilgan press-turda bu yoʻnalishdagi vazifalarning hududdagi ijrosiga eʼtibor qaratildi.
— Viloyatimizda 2021-yilda 35 ta 78,4 mlrd. soʻmlik davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilib, shundan 25 ta aktivlar tadbirkorlik subyektlariga 66,5 mlrd. soʻmga sotildi, — deydi Navoiy viloyat davlat aktivlarini boshqarish boshqarmasi boʻlim boshligʻi Orzu Hotamov. — Mazkur korxonalarning barchasida shu orqali iqtisodiy barqarorlik taʼminlanib, yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda.
Misol uchun, Karmana tumanidagi “Navoiy” EIZ hududida joylashgan «Polipropilen quvurlari» MCHJning 100 foiz davlat ulushini “E-Auksion” savdo platformasi orqali “IHLAS ELEKTRIK” MCHJ 34,8 mlrd. soʻmga sotib olgan edi. Qisqa fursatda mazkur korxonada yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish oʻzlashtirilib, 65 ta ish oʻrni yaratildi. Iqtisodiy samaradorlik ham oʻsdi. Xususan, joriy yilning ikki oyida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan ishlab chiqarish hajmi 25 foizga oshdi. Texnolog Aminjon Xalilovning taʼkidlashicha, ikkinchi chorakdan qoʻshni davlatlarga mahsulot eksporti rejalashtirilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari faoliyati bilan tanishgan yana bir korxona Navoiy shahridagi 2-beton zavodi boʻlib, davlat aktivlari xususiy sektor qoʻliga oʻtgach, bu yerda shifer va quvurlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi va har birida 50 tadan ish oʻrni ochildi.
Press-tur doirasida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etilib, unda jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring