Dushanbeda Oʻzbekiston va Tojikiston rektorlarining III forumi boʻlib oʻtdi
Bugun Tojikiston davlat pedagogika universitetida Oʻzbekiston-Tojikiston rektorlarining III forumi oʻz ishini boshladi.
Forumning ochilish marosimida Tojikiston taʼlim va fan vaziri Rahim Saidzoda, Oʻzbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Oʻzbekistonning Tojikistondagi elchisi Ergash Shoismatov ishtirok etdi. Soʻzga chiqqanlar ikki davlat oʻrtasidagi ittifoqchilik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilayotgani va taʼlim sohasidagi aloqalar strategik ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladilar.
Forumda ikki mamlakatning 70 dan ortiq oliy oʻquv yurtlari rektorlari jam boʻldi. Sarhisob natijalariga koʻra, universitetlararo hamkorlikni koʻzda tutuvchi 20 dan ortiq kelishuv imzolandi. Ikki davlat taʼlim vazirlarining alohida uchrashuvida akademik almashinuvlarni jadallashtirish, xorijiy talabalar uchun sharoitlarni yaxshilash va qoʻshma ilmiy loyihalarni ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov tojikistonlik hamkasbini joriy yilning 13-14-aprel kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo universitetlari kongressiga taklif etdi.
Taʼkidlanishicha, mazkur forum oliy taʼlim tizimidagi integratsiyani kuchaytirish va mintaqaviy taʼlim xabini yaratish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring