“Dur diyor” gul diyorga aylanmoqda

14:37 12 Oktyabr 2022 Jamiyat
708 0

Foto: Xalq so‘zi

Andijon viloyatida “Obod qishloq” Davlat dasturiga asosan 32 mahallada keng qamrovli bunyodkorlik ishlari jadal surʼatda olib borilmoqda. Kundan-kunga yangi qiyofa kasb etib borayotgan “Dur diyor” mahalla fuqarolar yigʻini ulardan biri.

Paxtaobod tumani markazidan 25 km olisda joylashgan ushbu manzil ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli abgor darajaga kelib qolgan edi. Bundan, tabiiyki, shu yerlik aholi aziyat chekardi. Endi esa yoʻl, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, taʼlim, sogʻliqni saqlash kabi yoʻnalishlardagi uzoq yillik muammolar asta-sekin barham topmoqda.

— Mahallamizdagi eng katta muammolardan biri umumtaʼlim maktabining yoʻqligi edi, — deydi 32-umumtaʼlim maktabi direktori oʻrinbosari Shahnoza Rahimova. — Oʻquvchilar eng yaqin maktabga 3,5 km yoʻl bosib borishlariga toʻgʻri kelgan. Hatto qoʻshni Izboskan tumaniga qatnab oʻqiydigan farzandlarimiz ham bor edi. “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida mahallamizda 120 oʻrinli maktab binosi qurilib, foydalanishga topshirilgani hammamizni quvontirdi. Hozirda yana 80 oʻrinli oʻquv binosi barpo etilmoqda. Maktabimizda oʻgʻil-qizlarning taʼlim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Nafaqat maktabga, balki barcha manzillarga eltuvchi yozda chang, qishda loy koʻchalar endi mahalla ahlining xotirasida qoladigan boʻldi. Sababi, koʻchalarda beton qoplamali yoʻl yotqizilmoqda.

— Shu bilan birga 2 yarim km masofaga yangi suv quvuri tortilishi evaziga taʼminotdagi uzluksizlikka erishildi, — deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ matbuot xizmatining rahbari Marhaboxon Nasriddinova. — Mahalladagi har bir xonadonga suv joʻmraklari hamda taʼminotdagi shaffoflikni taʼminlash maqsadida “aqlli” hisoblagichlar oʻrnatildi.

Yaqin-yaqingacha qishloq joylarda elektr taʼminotidagi uzilishlar asosiy muammolardan biri boʻlib kelgani sir emas. Biroq “Dur diyor”ahli endi bundan tashvishlanmasa ham boʻladi. Hududga oʻrnatilgan yangi elektr transformatori bilan muammo yechildi. Shu kunlarda eski simyogʻochlarni zamonaviy beton simyogʻochlarga almashtirish ishlari davom etmoqda.

Maktabgacha taʼlim yoshidagi bolajonlar ham eʼtibordan chetda qolgani yoʻq, albatta. Hozirda qishloqda 120 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkilotini qurish ishlari avjida. Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 53-oilaviy poliklinikasining hududdagi tibbiy punkti ham taʼmirlanib, zamon talablariga mos qulayliklar yaratildi.

“Dur diyor”da 3 ming aholi istiqomat qiladi. Manzildagi oʻzgarishlar ularning orzu-umidlarini roʻyobga chiqarmoqda. Kelajakda emas, balki bugun farovon yashashdek baxt sururini bu yerga kelgan kishi ilk palladayoq payqashi qiyin emas.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер