“Dunyo kelar bir sayyoh boʻlib...”

14:07 13 Mart 2025 Jamiyat
197 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyatiga oʻtgan yili 3,5 million sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, ularning qariyb 500 ming nafari xorijlik mehmonlar ekanligi eʼtiborga molikdir. Birgina 2025-yilning oʻzida Fargʻona viloyatida 20 dan ortiq turli festivallar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Ayni paytda Qoʻqon va Margʻilon shahri, Rishton tumani sayyohlarni jalb etishda viloyatning eng peshqadam hududlari sirasiga kiradi. Dunyoda yagona “Latif” shahar maqomiga ega Qoʻqonda soʻnggi yillarda turizm xizmat koʻrsatish sohasi drayveri sifatida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

— Tadbirkorlik faoliyatimga innovatsiya gʻoyalarini keng tatbiq etib, Xoʻqandi latifga dunyo sayyohlarini yildan yilga koʻproq jalb etishni maqsad qilganman, — deydi qoʻqonlik yosh tadbirkor Lobar Azizxodjayeva. — Ezgu tashabbuslar ijobatini taʼminlash uchun “Qoʻqonda” loyihasini tashkil etganman. Hozirda bu loyihaga menejer, dizayner, tasvirchi, mobilograf, montaj ustasi singari 10 nafardan ziyod malakali mutaxassislar jalb qilingan.

Shuningdek, 2023-yili “Niyat” marketing agentligini ochdim va hozirgi kunga qadar 100 dan ortiq loyihalarda oʻzaro hamkorlikda ishlab kelmoqdamiz. Oʻz navbatida, ijtimoiy tarmoqlarda Qoʻqon turizmini targʻib etuvchi bloger sifatida ham faoliyat olib boraman.

Bundan tashqari, “Qoʻqonda” loyihasi orqali Oʻzbekistonning eng qiziqarli joylari, tarixiy-madaniy yodgorliklari, qadriyatlarimizni targʻib etish boʻyicha milliy kontentlar yaratamiz hamda ular joylashgan manzillar boʻyicha maʼlumotlar beramiz. Bugungi kunda bu kabi milliy kontentlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda millionlab marotaba koʻrilmoqda.

Aytish joiz, bu borada Lobarga jurnalistika sohasidagi salkam 10-yillik amaliy tajribasi qoʻl kelayotir. Shu bois har bir milliy kontentni kichik film darajasida olishga harakat qilib, mukammal gʻoya, ssenariy, syujet asosida tezkor, qisqa va juda qiziqarli ijodiy mahsulotlar yaratadi.

— Yaqin istiqbolda nafaqat Qoʻqon, mamlakatimiz turizmini targʻib etish, shu bilan birga dunyo boʻylab qiziqarli kontentlar yaratish, zamonaviy media olamida oʻzaro manfaatli, maʼnaviy oziq bera oladigan kontentlar salmogʻini oshirish yordamida turizm rivojiga hissa qoʻshish asosiy orzum, — deydi Lobar. — Shu tariqa butun dunyo yurtimizga sayyoh boʻlib kelishini istayman. Ishonamanki, yaqin yillarda Qoʻqon ham Dubay, Istanbul, Parij singari jahon turizmi brendlari qatoriga qoʻshiladi.

Ayni paytda dunyoning turli qitʼalaridan kuniga yuzlab insonlar Qoʻqonga bir kelish, tarixiy yodgorliklari, qadimiy bozorlarini aylanish, ertalabki nonushtasidan bahramand boʻlish istagida ekanligi haqida yozishadi. Demak, bu borada dadil qadamlar tashlanmoqda...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер