Dubayda Oʻzbekiston fuqarolari ishtirokida “Ochiq muloqot kuni” tadbiri uyushtirildi
Mamlakatimizning Dubay shahridagi Bosh konsulligi tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarida istiqomat qilayotgan va mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan vatandoshlarimiz hamda BAA oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar ishtirokida “Ochiq muloqot kuni” tadbiri uyushtirildi.
Ushbu tadbirni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad Amirliklarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning konsullik-huquqiy masalalari, ularni oʻylantirayotgan muammolarning yechimlarini topish, fuqarolarimizga ushbu mamlakatda boʻlib turish boʻyicha ichki qonun-qoidalarga doir maʼlumotlarni berish bilan izohlanadi.
Davra suhbati chogʻida soʻnggi yillar davomida mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotida roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar, olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, Oʻzbekiston Prezidentining “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyati hamda hozirgi kunda mamlakatimiz hukumati tomonidan xorijiy davlatlarda ishlayotgan fuqarolarimizning haq-huquqlarini himoya qilishga katta eʼtibor qaratilayotganiga oid atroflicha maʼlumotdar vatandoshlarimizning eʼtiboriga havola qilindi.
Shuningdek, mehnat migratlari oilalarini qoʻllab-quvvatlash, xorijda ishlash paytida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni hal etish tartibotlari, taqdim etilayotgan imtiyozlar singari masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muloqot davomida BAAda istiqomat qilayotgan va mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan mamlakatimiz fuqarolari oʻz chiqishlarida bunday uchrashuvlar tashkil etilishi mamlakatimizning oʻz fuqarolariga boʻlgan munosabatini namoyon etishini taʼkidlashdi.
Shuningdek, ular Bosh konsulxona, “International Chess Center” va “ZOR” restorani koʻmagida vatandoshlarimiz va ularning farzandlari hamda xorijlik yoshlar oʻrtasida olib borilayotgan Xalqaro shaxmat musobaqasini oʻtkazilishi yurtdoshlarimiz tomonidan ijobiy qabul qilayotganini bildirishdi.
Shu oʻrinda vatandoshlarimiz Bosh konsulxona, “ZOR” restorani va faol vatandoshlarimiz koʻmagida joriy yil 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bagʻishlab oʻtkaziladigan “Mahoratingni koʻrsat – 2022” koʻrik tanlovida ishtirok etishga daʼvat qilindi.
Yuqoridagilar bilan birga, joriy yil 9-iyul kuni Oʻzbekistonda muddatidan ilgari Prezident saylovi oʻtkazilishi, Bosh konsulxona huzurida tashkil etilgan saylov uchastkasida ovoz berish imkoniyati bilan bogʻliq masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shu oʻrinda muddatidan ilgari Prezident saylovini oʻtkazish davlat hokimiyatining yangilangan Konstitutsiya talablari asosida faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga, demokratiya tamoyilini toʻliq roʻyobga chiqarishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
Tadbirda qatnashgan vatandoshlarimizning konsullik-huquqiy masalalariga oid murojaatlari ham tinglangani barobarida koʻtarilgan masalalar va ularning yechimi boʻyicha manzilli koʻmak koʻrsatildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring