Dubayda oʻzbek milliy kurashining xalqaro nufuzini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yil 4-7-avgust kunlari Dubay shahrida (BAA) oʻzbek milliy sport turlariga bagʻishlangan oʻquv-seminari boʻlib oʻtdi.
Tadbir mamlakatimizning Dubaydagi Bosh konsulligi tomonidan Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va Kurash xalqaro instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarda Oʻzbekiston, BAA, Saudiya Arabistoni, Misr, Iroq, Tunis, Suriya, Livan, Hindiston, Quvayt kabi davlatlardan ekspert va hakamlardan iborat delegatlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar hakamlik, oʻzbek milliy kurashini rivojlantirish va xalqaro nufuzini oshirish va boshqa dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
Oʻzbekistonning Dubaydagi Bosh konsuli Alisher Salomov seminardagi nutqida bugungi kunda dunyoning 100 dan ortiq davlatida milliy kurash federatsiyalari tashkil etilgani jahon hamjamiyatidan oʻzbek milliy kurashiga boʻlgan qiziqish yuqori ekanligidan dalolat berishini taʼkidladi.
Seminar ishtirokchilari birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan oʻzbek kurashi yaqin kelajakda Olimpiya sport turlari dasturidan oʻrin olishiga ishonch bildirdilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring