Dostonobodda daromadsiz oilaning oʻzi yoʻq...

08:08 15 Fevral 2022 Jamiyat
668 0

Foto: Халқ сўзи

Uydan chiqmagan holda daromad topish, qoʻshimcha mablagʻ ishlash aksariyat andijonliklarga xos fazilat. Shu bois qay bir xonadonga kirmang, tomorqasida boʻsh turgan bir qarich yerni topolmaysiz. Ayniqsa, keksalari bor uyda hatto qishda ham yer bekor qolmaydi. Jalaquduq tumanidagi Dostonobod mahallasida istiqomat qiluvchi Diloromxon opa Yuldasheva ana shunday faxriylardan biri.

Onaxon, garchi keksalik yoshida boʻlsada, yil – oʻn ikki oy ekin-tikindan boʻshamaydi.

— Tomorqam uncha katta emas, — deydi suhbat chogʻida onaxon. — Shu bois atigi bir sotix maydonda issiqxona barpo etganmiz. Unda 20 tup limon parvarishlayman. Har yili oʻrtacha 40-50 kilo hosil yigʻaman. Hosilni bozorma-bozor koʻtarib yurmayman. Xaridorlar oʻzlari kelib, olib ketishadi.

Oila sohiblari issiqxonani 2,5 metr yer ostida barpo etganlar. Buning sababi, shu usuldagi issiqxonani qishda isitishga hojat yoʻq. Moʻjazgina bogʻdagi ekinlar qishda ham parvarish talab qiladi. Shu bois yaqinda chilla suvi bilan sugʻorildi. Bu ekinni turli zararli hasharotlardan himoya qiladi. Koʻchatlar oraliq egatiga tabiiy oʻgʻit solindi. Bu esa moʻl hosil garovidir. Oila sohiblari oʻzlari uchun ermak boʻlib qolgan shu yumush ortidan har yili 5-6 million soʻm sof daromad topadilar. Oʻtgan davrda olingan daromad evaziga savdo doʻkoni ochdilar, tegirmon qurdilar. Hozirda esa asalarichilikka ham qoʻl urishmoqda. Shularning barchasi bir sotix maydondagi limonzorning barakasidir.

— Bu oila mahallamizdagi eng kichik issiqxona egasi hisoblanadi, — deydi «Dostonobod» MFY raisi Zulfiyaxon Mirzayeva. — Endi boshqa oilalarning birgina limondan qancha daromad topayotganini tasavvur qilavering. Umuman olganda, mahallamizda 740 ta xonadon boʻlsa, shularning asosiy daromadi issiqxonachilik bilan bogʻliq. Kimdir sitrus mevalar bilan shugʻullansa, boshqasi gulchilikning hadisini olgan. Limonchilik boʻyicha alohida tajriba maktabi yaratilgan. Aynan limon yetishtirish bilan shugʻullanuvchi oilalar soni 60 tani tashkil etadi. Yaqinda xatlov ishlarini amalga oshirganimizda yana 30 nafar mahalladoshimiz limonchilikni yoʻlga qoʻyish istagini bildirdi. Hozirda ularga amaliy yordam berish chorasi koʻrilmoqda.

Mahalla raisining aytishicha, ushbu hududda birorta ham ishsiz fuqaroning oʻzi yoʻq. Aksincha, pishiqchilik mavsumida qoʻshimcha ishchi kuchiga ehtiyoj sezilar ekan.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер