“Dorilamon kunlarga elu yurt ardogʻida yetkazganiga shukr...”
Buvayda tumanidagi “Yangiqoʻrgʻon” mahallasida hamisha mehmonga muntazir, dasturxonida ikkita issiq non, qaynoq koʻk choy turadigan bir xonadon bor. Oilaning 101 yoshli sohibasi Melibu Matisaqova suhbatini olish uchun uzoq-yaqindan ushbu goʻshaga har kun oʻnlab mehmonlar keladi. Mahalladoshlari taʼbiricha, onaxon tirik tarix, ensiklopediya. Chunki hayot yuzini ajinlar bilan bezagan, qoʻllarini qabartirgan onaxonning qalbida 85-90-yillik xotiralar jamlangan.
Mustaqillik bayrami arafasida tarqalgan ajoyib xushxabar bu oila, mahalla, butun Buvayda ahlini behad sevintirib yubordi. Boisi Prezidentimiz farmoni bilan istiqlolimizning 34-yilligi arafasida davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor boʻlgan yuz yoshdan oshgan piru badavlat otaxon va onaxonlar orasida Melibu momo ham bor edi.
Kuni kecha Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mazkur xonadonda boʻlib, momoga davlatimiz rahbari nomidan “Shuhrat” medali va bayram sovgʻalarini topshirdi.
Mehmonlar tashrifidan juda quvongan Melibu momo bolalik yillari qiyinchiliklari, begʻubor yoshligi, boshdan kechirgan qiziq voqealar haqida toʻlqinlanib gapirib berdi. Shuningdek, koʻrsatilgan eʼtibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, bugungi tinch va farovon kunlar uchun shukrona aytib yashash, bu kunlarning qadriga yetish va asrab-avaylash kerakligini taʼkidladi.

— Qishloq xoʻjaligi yumushlarini doʻndirganmiz, — deydi onaxon oʻsha yillarni eslab. — Ayniqsa, paxta terishda mahalla ayollari ichida mendan oʻtadigani yoʻq edi. Mehnat qilgan odam aslo kam boʻlmaydi.
Uzoq umr koʻrish uchun ham sidqidildan mehnat qilish kerak. Keng feʼlli, mehribon va barchaga yaxshilik sogʻinib yuradigan odam uzoq yashaydi.
Momo turmush oʻrtogʻi Solijon ota Matisaqov bilan 4 oʻgʻil, 3 qizni halol mehnat bilan tarbiyaladi. Solijon ota qoʻli gul usta boʻlgan. Hamqishloqlari uchun bejirim uylar qurgan, koʻpchilikning duosini olgan inson edi.
Oila bekasi esa nafaqaga chiqqunicha qishloq xoʻjaligi sohasida ishlagan. Katta Fargʻona kanalini qazishda ham ishtirok etgan. Oʻsha kunlarni eslar ekan, onaxon bugungi dorilamon kunlarga shukrona aytadi, yurtimizning barcha hududlarida, Buvaydada boʻlayotgan oʻzgarishlardan mamnunligini taʼkidlaydi. Bugungi kunda 90 nafarga yaqin nabira va chevaralar ardogʻida yashayotgan onaxonning tilidayu dilida shukrona:
“Shunday dorilamon kunlarga elu yurt ardogʻida yetkazganiga shukr... Barchasi uchun tashakkur, aslo kam boʻlmanglar...”
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring