Dori vositalari sifatli va xavfsiz boʻlishi zarur, aks holda...
Soʻnggi yillarda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasi tizimini yaxshilash, aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan taʼminlanganlik darajasini yanada oshirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda mahalliy farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish uchun barcha qulayliklar yaratilib, sohadagi qonunchilik bazasi bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan “Aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan taʼminlash — davr talabi” mavzuida tashkil etilgan seminarda shu xususda soʻz yuritildi.
Quyi palata deputatlari, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi masʼul xodimlari hamda OAV vakillari qatnashgan tadbirda “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarning ayrim normalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Yaʼni Sogʻliqni saqlash vazirligi vakolatidan retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash normasi va unga aloqador boʻlgan bandlar chiqarilmoqda.
Shu bilan birga, retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxatini Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanishini nazarda tutuvchi ortiqcha byurokratik norma chiqarib tashlanmoqda.
— Bugungi kunda inson salomatligini muhofaza qilishda zamonaviy tibbiy yordam bilan bir qatorda, aholi va tibbiyot muassasalarini sifatli dori-darmon bilan taʼminlash ham muhim hisoblanadi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muzaffara Abdiyeva. — Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi esa sohadagi ayrim takrorlanuvchi va byurokratik talablarni bekor qilish orqali aholining sifatli, xavfsiz, samarador va arzon dori vositalari bilan taʼminlash darajasining oshishiga xizmat qiladi.
Seminarda soʻz olgan deputat Qizilgul Qosimova mazkur qonun loyihasining ahamiyati haqida fikr bildirar ekan, dori vositalari insonning dardiga shifo boʻlishi kerakligi, ularning sogʻliqqa xavf, gʻirrom daromad manbaiga aylanib qolishiga zinhor yoʻl qoʻyib boʻlmasligini taʼkidladi.
Muhokamalar chogʻida qonun loyihasi bilan bogʻliq savollarga vazirlik va idoralar mutaxassislaridan asoslantirilgan javoblar olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring