Donorlik — savob ish
Foto: Халқ сўзи
Yurtimizda savobtalab insonlar benihoyat koʻp. Kimdir ehtiyojmand fuqaroga yordam qoʻlini choʻzadi, kimdir yetim bolalar boshini silaydi, yana kimdir yoʻlni ravon etib, odamlar mushkulini yengil qiladi. Buxoro shahridagi Qayum Murtazoyev koʻchasida yashovchi Ahtam Sharipov esa donorlikni savob ish deb biladi.
— Kechagidek esimda, 2012-yilning fevralida viloyat qon quyish markaziga borib ilk bor qon topshirganman, — deydi u. — Bu ishni oʻz ixtiyorim bilan savob yoʻliga qilyapman. Qonim birinchi guruhga mansub. Bilasiz, unga bemorlarda talab katta. Qon topshirib, oʻzim ham ruhan yengil tortaman. Kimlardir sen topshirgan qon vositasida tuzalib, oilasi bagʻriga qaytganini his etib yashash bari bir boshqacha.
Aslida “donor” soʻzi lotincha boʻlib, “hadya qilaman” “tuhfa qilmoq” degan maʼnoni anglatadi. Binobarin, donor oʻz qonini berish orqali kimningdir hayotini saqlab qolishi, unga yangi hayot tuhfa qilishi mumkin.
— Donorlik har qanday kishi qila oladigan oddiy, ammo olijanob ishdir, — deydi Buxoro viloyat qon quyish markazi bosh hamshirasi Dilnoza Fayzullayeva. — Yana bir eʼtiborli jihati, oʻz qonini kamida 40-marta, qon komponentlarini 60-marta topshirgan kishilar faxriy donor hisoblanadi. Mamlakatimizda ham ana shunday bagʻrikeng va saxiy insonlar “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishadi hamda ularga eng kam ish haqining besh baravari miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi. Ahtam Sharipovga kelsak, u hozirgacha 37-marta qon topshirdi. Donorlikni savob ish deb biladigan bu koʻngli ochiq , saxovatli insonning ham faxriy donorlar safidan oʻrin olishiga oz fursat qoldi.
Maʼlumot tariqasida aytish joizki, 2020-yilda14-iyun - Xalqaro donorlar kuni munosabati bilan hayoti davomida 40 marotabadan koʻp qon topshirgan buxorolik 2 nafar fuqaro «Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori ” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring