Dolzarb qonun loyihalari — muhokamada

11:03 09 May 2018 Siyosat
1543 0

Qonunlarning har jihatdan pishiq va puxta tayyorlanishiga erishish, ularni hayotga tatbiq etishning ishonchli mexanizmlarini yaratish parlamentning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Zero, mukammal qonunlar, eng avvalo, inson manfaatlarini ta’minlash, mamlakatni izchil taraqqiy toptirish, iqtisodiy barqarorlikni kafolatlashga xizmat qiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida bir qator qonun loyihalari ushbu jihatlarga asosiy e’tibor qaratilgan holda muhokama qilindi.

Xususan, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishida “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasida fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi o‘rniga xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimining joriy etilgani, shuningdek, ushbu lavozimda ish yuritadiganlarni mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibi saqlab qolingani nazarda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolarining fikricha, mazkur hujjat xotin-qizlar, oilalar bilan faol ish olib borayotgan, xonadonlar osoyishtaligi, totuvligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan mutaxassislar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari asosiy e’tiborni nogironligi bo‘lgan shaxslarning muhandislik, transport hamda ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga to‘sqinliksiz kirishini ta’minlash bo‘yicha talablarini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilayotgan qonun loyihalariga qaratdilar.

Xo‘sh, ushbu qonun qabul qilingach, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari qay tarzda amalga oshiriladi?

Fraksiya vakillari bu borada, eng avvalo, ular uchun teng sharoitlar yaratilishini, uni buzganlik uchun javobgarlik muqarrar ta’minlanayotganini ta’kidladilar. Bu esa nogironligi bor insonlarni jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga faol jalb etishga, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari deputatlar e’tiboriga ikkinchi o‘qishda taqdim etilayotgan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyatlarning yaqindan hamkorligini ta’minlash maqsadida tashkil qilingan Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakilining huquqiy maqomini qonun darajasida mustahkamlash nazarda tutilmoqda.

Munozaralarda mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida fraksiya a’zolari faol ishtirok etgani hamda uni takomillashtirish yuzasidan mas’ul qo‘mitaga bir qator takliflar berilgani bildirildi. Xususan, vakilning eng asosiy vazifasi sifatida Oliy Majlis palatalari bilan Vazirlar Mahkamasining qonun ijodkorligi hamda qonunlar ijrosida parlament nazoratini tashkil qilish bo‘yicha hamkorligini ta’minlash va mazkur jarayonda Hukumat tarkibiga kiruvchi vazirlik hamda qo‘mitalar bilan ishlarni muvofiqlashtirish kabi masalalarga oydinlik kiritish kabi takliflari qonun loyihasida o‘z aksini topdi.

Yig‘ilishlarda, shuningdek, “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ham mufassal ko‘rib chiqildi.

Muhokama etilgan masalalar yuzasidan fraksiyalarning pozitsiyasi belgilab olindi.

Ziyoda ASHUROVA.
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер