DXA: sargardonlik va korrupsiyaning oldini olish yo‘lida

17:46 11 Noyabr 2021 Jamiyat
803 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Barmoq bilan sanarli darajadagi xizmat turlari bilan o‘z faoliyatini boshlagan Davlat xizmatlari agentligining  Navoiy viloyat boshqarmasi endilikda  150 dan ortiq masalada  viloyat ahlining mushkulini oson qilmoqda. O‘tgan uch yil  ichida boshqarma va uning hududiy markazlari xizmatchilaru mijozlarga birday shart-sharoit yaratilgan qulay inshootlarga ega bo‘ldi.

- Atigi besh yil oldin arzimagan bir hujjat uchun hokimiyat eshigi oldida  soatlab sarg‘ayganim kechagidek esimda, - deydi Navbahor tumanidan Gulnora Saidova. -  Erta keling, indin keling, kabi sansalorlik, mutasaddining qosh-qovog‘iga qarashdan  yuragimiz bezillab qolgan edi. Mana qilsa bo‘larkan, kutib olishadi, navbating kelsa, xushmuomala bilan ishingni bitirib beradilar. 

Viloyatda Agentlik tuzilmalari orqali joriy yilning uch choragida 244 ming 381 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Shularning 18 mingga yaqini masofadan, 8251 tasi esa sayyor guruhlar tomonidan olis  hududlarga chiqib  ko‘rsatilgan davlat xizmatlari tashkil etadi.  

Bu kammi?..

Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyat boshqarmasida o‘tkazilgan anjumanda boshqarma boshlig‘i Begzod Safarov o‘rtaga shu savolni tashlarkan, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish turi va ko‘lami hali meʼyoridan ancha yiroqligini taʼkidladi.

- Masalan, Estoniyani oladigan bo‘lsak, ushbu mamlakatda 99 foiz xizmatlar elektronlashtirilgan, - deydi B. Safarov. Faqatgina nikoh va ajrim bilan bog‘liq masalalar elektronlashtirilmagan. Davlat xizmatlari odamlarning ortiqcha ovoragarchiligi va, eng muhimi, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlarining oldini oladi.

Tadbirda boshqarma tomonidan davlat organlari va tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishida qonun hujjatlariga rioya qilinishini yaxshilash maqsadida  monitoring hamda maxsus xabarlarga asosan doimiy ravishda joylarda o‘rganishlar o‘tkazilib, yil boshidan buyon   jami 3796 ta (2020 yilning mos davrida 388 ta) qonun buzilish holatlari aniqlangani taʼkidlandi.

- qonunbuzilish holatlari idora (tashkilot)lar kesimida tahlil  qilinganda,  soliq organlari 52 ta, yer resurslari va davlat kadastr idoralari 135 ta, moliya idoralari 44, bandlik va mehnat munosabatlari idoralari 60, hokimliklar 88, sog‘liqni saqlash muassasalari 669, “O‘ztransgaz” AK 80, qurilish va arxitektura 120, boshqa kommunal xizmat ko‘rsatish idoralari 2003 ta holatda  qonunbuzilishlariga yo‘l qo‘yganligi maʼlum bo‘ldi, - deydi boshqarma matbuot xizmati rahbari Nodira Samandarova. – Ushbu holatlar bo‘yicha kiritilgan taʼsir choralari natijasida vakolatli idoralarning 12 nafar xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi hamda1 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Shuningdek, boshqarma tomonidan 85 ta maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, 84 nafar xodim maʼmuriy javobgarlikka tortildi.  

Aytish joizki, davlat organlari va tashkilotlar tomonidan fuqarolarga   xizmat ko‘rsatishda qonun hujjatlariga rioya etmaslik  xalq manfaatlari va uning ehtiyojiga bepisandlik bilan barobardir. Tabiiyki, bu bilan murosa qilib bo‘lmaydi.

         Temur ESHBOYEV,  “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер