Diqqat, firibgarlik!

15:53 19 Aprel 2020 Jamiyat
1689 0

Ayni paytda juda koʻplab yurtdoshlarimiz tomonidan farzandlarini onlayn tarzda Butun Rossiya olimpiadasida qatnashib, faxrli oʻrinlarni egallayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tarqatilmoqda.

Oʻzbekistonliklar uchun koʻp emasmi? Koʻp va shubhali. Bu haqda tanishlarim bilan gaplashib koʻrdim. Germaniyada oʻz faoliyatini olib borayotgan bir kursdoshim, jumladan, shunday deydi:

“…Eng birinchi oʻrinda, bolalarimizni asraylik, ular haqidagi shaxsiy maʼlumotlarni qoʻlimiz bilan oʻzimiz tanimaydigan tomonlarga bermaylik! Bu diplomning kuchi yoʻq va bolalarimizga bu diplomlar arzimaydi. Farzandlaringiz eng yuqori choʻqqilarga shu soxta diplomlarsiz ham chiqa olishadi. Bundan tashqari, endi oʻsib kelayotgan bolalarimizning dunyoqarashiga bunaqa jiddiy boʻlmagan «olimpiada”lar salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Haqiqiy olimpiada haqidagi tasavvurlari notoʻgʻri shakllanishi mumkin. Bilimlarini tekshirib koʻrish uchun ishonchli portallar, jiddiy onlayn tanlovlar ham koʻp. Ingliz tilini yaxshi bilishsa, unda imkoniyatlar yana-da koʻp.»

Hozirgina ozroq vaqt sarflab, izlanib koʻrdim. Agar men ota-ona boʻlsam, farzandlarimning shaxsiy maʼlumotlarini ishonchsiz boʻlgan onlayn manbaga bepulga bervormagan boʻlardim. Shaxsiy maʼlumotlar xavfsizligi va maʼlumotlar xavfsizligi, umuman, bu soha hali koʻplab rivojlanayotgan davlatlarda dolzarb emas.

Bu saytda berilayotgan misol va topshiriqlar metodik-didaktik jihatdan professional qilinmaganligi shundoq koʻrinib turibdi. Men sinov uchun shunchaki kichik oʻgʻlim bilan band boʻlgan vaqtim u bilan matematikaning 1-sinfi uchun misollarni yechib koʻrdik. 2 ta savoliga u javob topa oldi, qolganini oʻzim yechdim. Hazil-huzul bilan olimpiada uchun berilgan 10 ta savolni birga yechdik. Haqiqiy olimpiadada 10 tagina savol boʻlmaydi-ku! Ayniqsa, matematika fanida javobidan koʻra, yechimiga qanday kelingani, yaʼni yechish yoʻli muhimroq. Yechdik ham emas, shunchaki variantlardan birini tanladik. Agar 10 ta savoldan 9 yoki 10 tasini toʻgʻri topsa, Butun Rossiya olimpiadasining 1-oʻrini berilarkan, shuni deyarli oldik biz ham. Agar yaxshi natija boʻlmasa, yana va yana qaytadan yechib koʻrish ham mumkin, bemalol. Chunki boshida misollarni yechish uchun roʻyxatdan oʻtish shart emas. Faqatgina diplomni elektron pochtaga yetkazish uchun registratsiya qilinishi kerak ekan. Lekin buning uchun 70 rubl toʻlash kerak! Ana shu yerda hammasi tushunarli boʻladi. Eng yomon joyi pulni sovurishda emas, balki registratsiya vaqtida farzandingizning shaxsiy maʼlumotlarini oʻz ixtiyoringiz bilan mana shu manbaga berishdir. Maʼlumotlaringizni nimalarga ishlatilishini ham aniq qilib yozib qoʻyibdi, shu jumladan, 3-tomonga (kim u uchinchi tomon?) va yana reklama uchun ishlatishi mumkin. Buni registratsiya qiluvchi oʻz ixtiyori bilan eng pastdagi roziman katakchasini belgilash orqali oʻzining, farzandining, oʻqituvchisining maʼlumotlaridan kimlardir foydalanishiga roziligini beradi. Bu sayt egasi (ism-sharifi diplom tagida yozilgan) nafaqat pulingizni olayapti, balki hali shaxsiy maʼlumotlaringizni marketing firmalariga ham sotib, aslida, ulardan yana-da kattaroq pul olishi mumkin…

Xullas, shunaqa gaplar. Maqsad pulingizni shilish va shaxsiy maʼlumotlarga ega boʻlish ekanligini koʻpchiligingiz tushungandirsiz. Xulosa oʻzingizdan.

Firibgarlardan ehtiyot boʻling!

Elyor OʻTBOSOV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер