Deputatlikka nomzodlar koʻrsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining oʻttiz foizidan qirq foiziga oshirish nazarda tutilmoqda — qonun loyihasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilmoqda.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xotin-qizlar va erkaklarning tengligini taʼminlashning yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi. Xususan, Konstitutsiyaning 58-moddasida davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashiga oid qoida kafolatlandi.
Maʼlumki, xotin-qizlarning jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishdagi oʻrni va rolini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksida ayollarning soni siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida oʻttiz foizini tashkil etishi kerakligi belgilangan. 2019-yildagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga boʻlib oʻtgan saylovlarda deputatlik oʻrinlarining 32 fozini egallagan. Bu undan avvalgi, 2014-yildagi parlament saylovidagi koʻrsatkichdan ikki baravar koʻp deganidir.
Qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining oʻttiz foizidan qirq foiziga oshirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring