Deputatlar vazirlik axborotini qanday baholadi?
Joriy yilning 16-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi tomonidan eshituv oʻtkazildi.
Unda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligining “2022-yilda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilgan masalalarning qay darajada hal etilayotganligi toʻgʻrisida”gi axboroti tinglandi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirish, odamlarni hayotdan rozi boʻlib, ertangi kunga qatʼiy ishonch bilan munosib hayot kechirishini taʼminlashda jamiyatning eng muhim boʻgʻini hisoblangan mahalla institutining oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Ayniqsa, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislarining jarayonlar markazida boʻlishi, mahallasidagi mavjud muammolarni eng muhim masala sifatida mahalliy hokimliklar oldiga qoʻyishi boʻyicha yangi amaliyot tizimi yaratilmoqda. Asosiysi, bugun odamlarni yillarda davomida oʻylantirib kelgan masalalar mahallaning oʻzida hal etilyapti.
Xususan, joriy yilda fuqarolardan kelib tushgan 20 270 ta murojaatning 15 409 tasi qanoatlantirilgan boʻlsa, 3 769 tasiga tushuntirishlar berilgan. 251 ta murojaat tegishliligi boʻyicha mutasaddi tashkilotlarga yoʻnaltirilgan. 666 tasi esa hozirda koʻrib chiqilmoqda. Ushbu murojaatlarning salmoqli qismi Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Fargʻona, Toshkent, Andijon viloyatlari va Toshkent shahridan kelib tushgan.
Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning aksariyat qismini moddiy yordam va ijtimoiy nafaqa toʻlovlarini ajratish, muhtojlarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatish, mahalla raislarini faoliyati, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”, uy-joyini taʼmirlash va sogʻligʻini tiklash uchun moddiy yordam ajratish va boshqa shu kabi masalalar tashkil etadi.
Eshituv davomida deputatlar mahalla jamiyatimizga daxldor barcha masalalarni hal etishda bevosita ishtirok etuvchi, xalq va davlatni bir-biriga yaqinlashtirib turuvchi ular oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi muhim tuzilma ekanligini aytib, aholi murojaatlari avvalo shu yerning oʻzida hal etilishi lozimligini qayd etishdi.
Bu borada mahalla raislari boy hayotiy tajribaga ega, adolatli, koʻpni koʻrgan, mahalla ahlini ezgu ishlarga ergashtira olish qobiliyatiga ega boʻlishi kerakligini aytib, mahalla raislarining malakasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqdi.
Qayd etildiki, davlatimiz rahbarining topshirigʻiga muvofiq, joriy yil may oyida yangi saylangan 9 349 ta mahalla raislari uchun mahalla institutiga oid hujjatlar mazmun-mohiyatini, mahallabay ishlash tizimini rivojlantirish, aholi murojaatlari bilan ishlash borasidagi bilim va malakalarini oshirishga qaratilgan oʻquv seminari dasturi va tashkiliy tadbirlar ishlab chiqilgan.
Mahalla raislari uchun bir haftaga moʻljallangan oʻquv seminarlar joriy yil 27-iyundan – 5-avgustgacha Oʻquv reja-dasturi asosida 25 tadan guruhlarga boʻlingan holda hududlardagi xususan, Toshkent va Nukus shahridagi hamda viloyatlar markazlaridagi salohiyatli oliygohlarda oʻtkazilgan.
Axborotda keltirilganidek, xalq bilan muloqot, ularning dardu tashvishi bilan yashash eng asosiy maqsad boʻlib, uning roʻyobi yurtimiz ravnaqiga, fuqarolarning tinch, osuda, farovon hayot kechirishlarini taʼminlashga xizmat qiladi.
Shu jihatdan, vazir va vazirlik rahbariyati, markaziy apparat masʼul xodimlari hududlarda oʻtkazgan sayyor qabullari chogʻida 2 480 dan ortiq murojaatlar joyida hal qilingan boʻlsa, 990 tasi joyida tegishli tashkilot va idoralarga yoʻnaltirildi. Qolaversa, vazirlik tomonidan aholi murojaatlaridan kelib chiqqan holda tizimli muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish boʻyicha joylarda oʻtkazilayotgan sayyor qabullarlarda ham koʻplab masalalarga yechim topilmoqda.
Deputatlar vazirlik tomonidan qilingan ishlarni ijobiy baholagan holda, shu bilan birga joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar chogʻida fuqarolar tomonidan turli masalalarga oid murojaatlar koʻtarilayotgani, mahallaning oʻzida hal etish imkoniyati mavjud boʻlgan masalalarda odamlar sarson boʻlayotganliklarini, bu esa murojaatlarning ortishiga olib kelayotganligini bildirdi.
Eshituv davomida qoʻmita aʼzolari tomonidan vazirlik tizimidagi xodimlar hamda mahalla fuqarolar yigʻinlari raislarining murojaatlar bilan ishlash boʻyicha bilim va malakasini oshirish, takroriy murojaatlar boʻyicha aniqlangan muammolarni hal etish boʻyicha qator taklif va tavsiyalar berildi.
Yigʻilishda kun tartibidagi masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring