Deputatlar “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqishmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boshlandi.
Majlisda deputatlar “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqishmoqda.
Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining daromadlari va xarajatlari, mahalliy byudjetlar va Davlat maqsadli jamgʻarmalariga oid loyihada koʻzda tutilgan tadbirlar, ularni moliyalashtirish manbaalariga oid maʼlumotlar chuqur tahlil qilinganligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Masʼul qoʻmita tomonidan qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlashda loyihaning tegishli moddalarida aks ettirilgan normalar Prezident farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari bilan uygʻunligi va asoslantirilganligi oʻrganildi. Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida koʻzda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda 2024-yilda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish masalalariga aniqlik kiritildi.
Deputatlar muhokamalarda byudjet daromadlarini oshirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Yashirin iqtisodiy faoliyatni mumkin qadar qisqartirish, tadbirkorlarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida raqobat muhitiga salbiy taʼsir qiluvchi samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, shu orqali soliq bazasini kengaytirish, vazirlik va idoralarga ajratilishi koʻzda tutilgan budjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanish, ajratilgan mablagʻlar natijadorligini taʼminlashga qaratilgan koʻplab taklif va tavsiyalar batafsil oʻrganilganligi, ularning aksariyati loyihada aks etgani deputatlar tomonidan eʼtirof etildi.
Yuk koʻtarish quvvati 10 tonnadan yuqori boʻlgan avtotransport vositalari uchun tabaqalashtirilgan yigʻim stavkalarini belgilash koʻzda tutilgan. Bunda yuk koʻtarish quvvatidan kelib chiqib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda yigʻim undirilishi nazarda tutilmoqda.
Deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda aksiz soligʻi boʻyicha berilgan taklif manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda chuqur oʻrganilib, joriy etilishi nazarda tutilayotgan aksiz soligʻini mahsulot narxiga va tadbirkorlik subyektlari faoliyatining moliyaviy natijalariga taʼsirini inobatga olgan holda energetik ichimliklarning 1 litri uchun 2000 soʻm miqdorida aksiz soligʻi belgilash taklif etilmoqda.
Sogʻliqni saqlash tizimi boʻyicha aholining tibbiy xizmatlarga boʻlgan talabini yuqoriligini inobatga olgan holda qoʻshimcha 25,8 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilishi belgilanmoqda. Respublikamizda jismoniy tarbiya va sport sohalarini isloh qilish va aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga mazkur sohada davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida ahamiyatli ekanligini hisobga olib sport turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish xarajatlari uchun 54 mlrd. soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratilmoqda.
Qayd etilganidek, yoshlarga kutubxonadan kechki vaqtda foydalanish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi — axborot resurs markazi huzuridagi budjetdan tashqari Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi harajatlari uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratish koʻzda tutildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring