Deputat tegishli vazirlikka soʻrovnoma yuboradigan boʻldi
Foto: "Xalq so'zi"
Namangan viloyatidagi 54-Norin saylov okrugidan Qonunchilik palatasi deputati Zafar Xudoyberdiyev oʻz saylovchilari bilan doimiy aloqa oʻrnatgan. Bunda u yuzma-yuz uchrashuvlardan tashqari ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi imkoniyatlaridan foydalanmoqda. Deputat hududga bu galgi tashrifi xususida jamoatchilikni ayni vosita orqali xabardor qildi.
Norin tumani Xojintol mahallasida oʻtgan uchrashuvda deputat Z. Xudoyberdiyev tadbir ishtirokchilarini qonun ijodkorligi borasidagi ishlar bilan batafsil tanishtirdi. Muloqotdan soʻngo saylovchilar uni hududdagi chang koʻchaga boshlashdi. Uzoq yillardan buyon taʼmir koʻrmagan ichki yoʻl anchagina abgor holga tushib qolgan. Uni sozlash boʻyicha tegishli idoralarga qilingan murojaatlar naf bermaganligini aytib, xalq vakilidan amaliy yordam berishni soʻradilar.
Uychi tumani Boʻston mahallasidagi uchrashuvda esa shu joyda oʻtgan aziz insonlardan biri – “Mavludi Sharif” manzumasi muallifi Mulla Yoʻldosh Toʻraboy oʻgʻli Xilvatiy mangu qoʻnim topgan joy mavzusi muhokama markazida boʻldi. Saylovchilar qabr joylashgan hududni ziyoratgohga aylantirish masalasini oʻrtaga tashladilar.
– Masalani joyida oʻrgandik,– deydi deputat Z. Xudoyberdiyev. – Xilvatiyning evarasi Toʻxtamirza aka bobosining devonlari, manzumalari bilan tanishtirdi. Ul zotning qabrini tavof qilish uchun nafaqat qoʻshni viloyatlar, balki qoʻshni davlatlardan ham ziyoratchilar kelishayotgani, ziyoratgoh esa hozirgi kun talabiga javob bermasligi, ushbu masala Madaniyat ishlari vazirligigacha koʻtarilgani, lekin tuman darajasidagi masalalar yechilmagani bois ochiq qolayotgani kuyinib gapirildi.
Deputatning feysbukdagi sahifasiga avvalroq murojaat qilgan uychilik Sherzod Saydullayev Axsi mahallasidagi kanalizatsiya tarmogʻi ishlamayotgani tufayli atrof-muhitga chidab boʻlmas hid chiqayotgani haqida maʼlum qilgandi. Ahvolning joyida oʻrganilishidan soʻng muammo yechimi yuzasidan tegishli vazirlikka deputat soʻrovi yuboriladigan boʻldi.
Xalq noibi joylarga tashrifi chogʻida qator tadbirlarda ham ishtirok etdi. Jumladan, Qurama mahallasidagi koʻchat ekish aksiyasida oʻz daraxtini oʻtqazdi. 9-umumtaʼlim maktabidagi “Farzandlarimga kitob sovgʻa qilaman” akiyasida esa oʻquvchilarga yuzdan ortiq yangi adabiyotlar tuhfa qildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring