Demokratiya va saylovlarga koʻmaklashish xalqaro instituti bosh kotibi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

04:57 23 Aprel 2023 Siyosat
1147 0

17-aprel kuni Shvetsiyaning Stokgolm shahrida Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Demokratiya va saylovlarga koʻmaklashish xalqaro instituti (International IDEA) bosh kotibi Kevin Kasas-Zamora bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda Sodiq Safoyev Kevin Kasas-Zamorani Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda saylov qonunchiligini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan islohotlar hamda umumxalq referendumi uchun eʼlon qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan yaqindan tanishtirdi.

Jumladan, Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartishlar, birinchi navbatda, inson huquqi va qadr-qimmatini himoya qilish kafolatlari, uning ijtimoiy himoyasi va iqtisodiy farovonligi mustahkamlanadigan Yangi Oʻzbekiston qurilishiga qaratilganligi qayd etildi.

Eng muhim oʻzgartirishlar qatorida oʻlim jazosini taqiqlash, “Miranda qoidasi”ni qoʻllash, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining huquqlarini kafolatlash, “Xabeas korpus” institutini aks ettirish va boshqalarga eʼtibor qaratilayotgani alohida eʼtirof etildi.

Shu bilan birga, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi Dilorom Fayziyevalar tomonidan Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar orqali fuqarolarning mehnat, ijtimoiy va ekologik huquqlarini, shu jumladan, aholining ehtiyojmand qatlamlari huquqlarini konstitutsiyaviy jihatdan kafolatlashni kuchaytirishga, inson va fuqaroning shaxsiy huquqlari hamda erkinliklarini kafolatlashga alohida eʼtibor qaratilganligi aytib oʻtildi.

Oʻz navbatida, Demokratiya va saylovlarga koʻmaklashish xalqaro instituti bosh kotibi Kevin Kasas-Zamora keng jamoatchilik muhokamasi natijasida ishlab chiqilgan va mamlakatda demokratiya hamda kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yordam beradigan Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgarishlarni mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatlashini aytdi.

Muzokaralar yakunida demokratik institutlarni rivojlantirish sohasida tizimli tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, saylovlarni tashkil etishda shaffoflik, hisobdorlik va samaradorlikni taʼminlash, shuningdek, yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq Oʻzbekiston qonunchiligini uygʻunlashtirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishda hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Demokratiya va saylovlarga koʻmaklashish xalqaro instituti 1995-yilda tashkil etilgan. U demokratik institutlar va saylov tartib-taomillarini qoʻllab-quvvatlash hamda mustahkamlash sohasida faoliyat yurituvchi hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. Institut, asosan saylov jarayonlari, konstitutsiyaviy qurilishda yordam berish bilan shugʻullanadi, shuningdek, BMTda kuzatuvchi maqomiga ham ega.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер