Dehqonki dona sochar...

17:48 01 Aprel 2022 Jamiyat
691 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona viloyatida joriy yilgi chigit ekish mavsumiga kirishilgani munosabati bilan Qoʻshtepa tumanida koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi. Mutaxassislar tomonidan eʼtirof etilganidek, bu yilgi bahor seryogʻin keldi va keyingi oʻn yillar davomida boʻlmagan holat kuzatildi. Aslida yomgʻir qishloq xoʻjaligi ekinlari uchun foydali. Yer suvga toʻyinadi, dala-dashtlar yashillikka burkanadi, chorva ozuqasi moʻl boʻladi. Ammo kuzatilgan surunkali yomgʻirlar chigit ekish mavsumi yumushlarini kechiktirdi.

— Yaqinda Fargʻona viloyati delegatsiyasi Turkiya safarida boʻldi, — dedi tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. — Safar davomida paxta yetishtiriladigan chekka bir viloyat fermerlar tajribasini oʻrgandik. Tabiiy-iqlim sharoiti noqulay, suv taqchil holatda har gektar yerdan olinadigan oʻrtacha hosildorlik 60 sentnerni tashkil etar ekan. Fargʻona viloyatida 2021-yili oʻrtacha hosildorlik 34 sentnerga yetdi. Viloyatda har gektar yerdan yana 25 sentner oshigʻi bilan hosil olish imkoniyati mavjud. Hozircha bunday salohiyatdan foydalana olayotganimiz yoʻq.

2022-yil paxta hosili uchun viloyatda 82 ming 80 gektar yerda chigit ekish, oʻrtacha hosildorlikni 40 sentnerga yetkazish rejalashtirilgan. 12 ta paxta-toʻqimachilik klasterlari, 2522 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 328 ming tonnadan ziyod sifatli paxta xomashyosi yetishtiriladi. Shu maqsadda 149 ta chigit ekish otryadlari tashkil etilib, 10-aprelga qadar mavsum yumushlarini toʻliq bajarish koʻzda tutilgan.

Udumga koʻra, bu yilgi hosillarimiz, rizqu roʻzimiz barakali, moʻl boʻlishi uchun ezgu duolar qilindi. Zotan, hazrat Navoiy taʼbiri bilan aytganda, dehqonki dona sochar, elga rizq yoʻlin ochar.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер