Davlat va biznes oʻrtasida muloqotni taʼminlovchi zamonaviy professional platforma – “Soliq forumi – 2026” tadbiri oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Bugun, 17-fevral kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida “Soliq forumi – 2026” tadbiri oʻtkazildi. Mazkur forum doirasida qonun ijodkorlari va yetakchi moliyachilar soliq maʼmuriyatchiligi va raqamlashtirishning rivoji, soliq qonunchiligini qoʻllash amaliyoti, soliq nizolarini sudgacha va sud tartibida hal etish mexanizmlari hamda biznesga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy trendlar va oʻzgarishlar muhokama qilindi.
“Soliq forumi – 2026” Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi tashabbusi bilan, Soliq qoʻmitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolarining faol ishtiroki asosida tashkil etildi. Tadbirda ekspertlar, davlat organlari vakillari va tadbirkorlik subyektlari ishtirok etib, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha amaliy tajriba, tashabbus va takliflari bilan boʻlishdi.
Forum davlat va biznes oʻrtasida ochiq hamda mazmunli muloqotni taʼminlovchi zamonaviy professional platforma hisoblanishi alohida taʼkidlandi. “Soliq forumi – 2026” ishini Soliq qoʻmitasi raisi Farrux Pulatov kirish soʻzi bilan ochib berdi.
“Bugungi uchrashuvimiz shunchaki navbatdagi rasmiy yigʻilish emas, balki barchamiz uchun yangi bilim va koʻnikmalarga boy, amaliy ahamiyatga ega muloqot boʻlishini istayman”, — deya alohida taʼkidladi Soliq qoʻmitasi rahbari.
Shuningdek, sessiyalar davomida strategik yoʻnalishlar muhokama qilinib, “Soliq maʼmuriyatchiligini modernizatsiya qilish va raqamlashtirishni chuqurlashtirish”, “Soliq qonunchiligini qoʻllash amaliyoti va yagona metodologik yondashuvlarni shakllantirish”, “Soliq nizolarini hal etishning samarali sudgacha va sud mexanizmlari”, “Biznes muhitiga taʼsir etuvchi soliq siyosatidagi asosiy trendlar va oʻzgarishlar” mavzulari yuzasidan atroflicha fikr mulohazalar hamda takliflar bildirildi.
Forumda ishtirok etayotgan 700 nafar yirik soliq toʻlovchilar, moliya direktorlari, bosh buxgalterlar, soliq maslahatchilari, auditorlar hamda soliq toʻlovchilar orasida muhim mavzularda soʻrovnoma oʻtkazilib, uning yakuni boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, “Soliq forumi – 2026” doirasida 2025-yil yakunlari boʻyicha ilgʻor va faol tadbirkorlik subyektlarini taqdirlash marosimi ham oʻtkazildi. Unda nafaqat yuqori moliyaviy koʻrsatkichlarga erishgan, balki soliq intizomi, shaffoflik va ijtimoiy masʼuliyat borasida ham namuna koʻrsatgan subyektlar ham eʼtirof etildi.
Xususan:
- “Eng koʻp soliq toʻlagan tadbirkorlik subyekti” — Gadaybayev Temur Utkurovich, “UZBAT AO” aksiyadorlik jamiyati rahbari;
- “Eng koʻp fiskal chek bergan tadbirkorlik subyekti” — Asadov Akmal Shukurullayevich, “ANGLESEY FOOD” masʼuliyati cheklangan jamiyat xorijiy korxonasi rahbari;
- “Eng katta eksport hajmini amalga oshirgan tadbirkorlik subyekti” — Kamiljanov Abdulxakim Abdulaxatovich, “PROCAB” MCHJ masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari;
- “Eng koʻp ish oʻrni yaratgan tadbirkorlik subyekti” — Asadov Akmal Shukurullayevich, “ANGLESEY FOOD” masʼuliyati cheklangan jamiyat xorijiy korxonasi rahbari;
- “Eng intizomli soliq toʻlovchi” — Kazakova Mariya Rafailovna, “PRIME CERAMICS” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasi rahbari;
- “Eng yosh tadbirkor” — Isxakova Amira Timurovna, yakka tartibdagi tadbirkor;
- “Namunali mahalla” — Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi “Registon” mahallasi raisi Boltaboyev Shuxrat Neʼmatovich tashakkurnoma va statuetka bilan taqdirlandilar.
(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida
- Zakirov Farrux Karimovichni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida
- Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi
- Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi
- Eronda internet uzilishi 47 kundan beri davom etmoqda
- WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring