Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tashkil etildi. DTS uchun toʻlov qilinadimi?
Sirdaryoda davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi joriy etilmoqda. Tashkil etilgan Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mazkur viloyat sogʻliqni saqlash tizimida 2021-yilning 1-iyulidan 2022-yilning oxiriga qadar tajriba-sinov loyihasi doirasida sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va yangi moliyaviy mexanizmlarni aprobatsiyadan oʻtkaziladi.
Joriy etilayotgan yangi tizim birinchidan, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va koʻlamini yana-da oshishiga yordam bersa, ikkinchidan, kasalliklarni oldini olish va erta aniqlash, aholining oʻrtacha umr koʻrish darajasini uzaytirish imkonini beradi. Uchinchidan, tibbiy xizmat koʻrsatishda sogʻlom raqobat muhiti yaratiladi. Toʻrtinchidan esa, kimga, qaysi vrach qabuliga kirsam ekan, yozib berilgan dorilarni qayerdan topsam boʻladi, xarajatichi, degan savollarga oʻrin qoldirmaydi. Qolaversa, yangi tizim sabab oilaviy shifokorlarni obroʻsi ortadi. Oilaviy shifokor punkti, poliklinikalarning dori-darmon bilan taʼminlanish darajasi oshadi. Bu esa koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati oshishi hamda koʻlami kengayishiga xizmat qiladi.
Xoʻsh, tibbiy sugʻurta uchun toʻlov qilinadimi, yoʻqmi?
- Aslida bepul tibbiy xizmat degani nisbiy tushuncha,- deydi Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi direktorining birinchi oʻrinbosari Zohid Ermatov. – Yaʼni tibbiy sugʻurta uchun fuqarolar tomonidan hech qanday toʻlov amalga oshirilmasa-da, davlat tibbiy muassasasida bepul davolanayotgan bemorning xarajatlari byudjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Aksariyat davlatlarda esa buning aksi. Ular tibbiy xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash uchun oʻz daromadidan ajratmalar toʻlab boradi.
Maʼlumot uchun. Sirdaryoda amalga tatbiq qilinayotgan tibbiy yordam koʻrsatishning butunlay yangicha tizimi Prezidentimizning “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish konsepsiyasi bandlarida yoritib berilgan.
Davlat tibbiy sugʻurtasi haqidagi batafsil maʼlumotlar bilan ertaga, 27- aprelda Guliston shahrida aynan shu mavzuga bagʻishlab oʻtkaziladigan brifing tafsilotlari orqali yana-da chuqurroq tanishtiramiz.
Ahmadali SHERNAZAROV
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring