Davlat xizmatlari: tez, qulay va shaffof
Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi Chinobod shaharchasi tuman markazidan 13 kilometr, viloyat markazidan esa 35 kilometr olisda joylashgan boʻlib, ayni paytda oʻnga yaqin mahalla fuqarolar yigʻinida 35 mingdan ortiq fuqaro istiqomat qiladi. Ular uchun shu paytga qadar davlat xizmatlaridan foydalanish maqsadida vaqt va mablagʻ sarflab markazga qatnash asosiy muammolardan biri boʻlib kelayotgan edi. Yangi yil bayrami arafasida shaharchada Davlat xizmatlari markazining “Chinobod” filiali ish boshlashi bu yerdagi aholining uzogʻini yaqin, mushkulini oson qildi.
— Bir kunda oʻrtacha 150-200 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatamiz, — deydi Baliqchi tuman DXM direktori Sherzodbek Sattorov. — Murojaat qiluvchilarning deyarli teng yarmini Chinobod shaharchasi, Xoʻjaobod va Siza qishlogʻidan keluvchi fuqarolar tashkil qiladi. Bundan keyin ushbu hududlarda yashovchi aholi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun hujjatlarini koʻtarib tuman markaziga borishga majbur emas. Aksincha, filialga haftaning dushanbadan juma kuniga qadar murojaat qilib, tez, qulay va shaffof tarzda xizmatlardan foydalanishlari mumkin.
Maʼlumot uchun, birinchi kunning oʻzida filialga oʻttizdan ziyod fuqaro murojaat qilib, davlat xizmatlaridan foydalandi.
Umidjon MAMARASULOV, DXA Andijon viloyat boshqarmasi yetakchi mutaxassisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring