Davlat fuqarolik xizmatchilarining maqomi instituti joriy etiladi

17:45 11 Dekabr 2021 Jamiyat
1379 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi mutaxassislar ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Qonun loyihasi Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonlarida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasining maqsadi davlat organlari faoliyatida davlat fuqarolik xizmatining davlat siyosatini amalga oshirish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Loyihada davlat fuqarolik xizmatiga kirish, uni oʻtash va tugatishning yagona qoidalarini joriy etish koʻzda tutilgan. Shuningdek, loyihada birinchi marta davlat fuqarolik xizmatchilarining maqomi instituti joriy etilmoqda.

Qonun loyihasi normalari faqat davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilariga nisbatan qoʻllaniladi.

Tadbirda qoʻmita aʼzolari qonun loyihasining davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy himoyasiga taalluqli — yagona ish haqi tizimi, ragʻbatlantirish va jazo choralari tartibi, ijtimoiy taʼminot, mehnat qonunchiligiga rioya etilishining huquqiy kafolatlari kabi qoidalarini atroflicha koʻrib chiqdi.

Muhokamalar jarayonida qonun loyihasining xizmatchilar daromadi va mol-mulkini deklaratsiyalash tizimini joriy etish, davlat xizmatida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya qilish kabi normalar ham koʻrib chiqildi.

Tadbirda loyihani Qonunchilik palatasining yaqin oradagi majlisida birinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер