Davlat dasturlari va tadbirlarni amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan jami 53,1 trln. soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan
2024-yilda Davlat dasturlari va tadbirlarni amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan jami 53,1 trln soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.
AOKAda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi rahbariyati ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida 2024/2026-yillar makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi hamda 2024-yil uchun davlat byudjeti loyihasi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Qayd etilishicha, 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasi yalpi ichki mahsulotining oʻsish surʼati 5,6-5,8%, unda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 6%, qurilish ishlari – 6,3%, qishloq xoʻjaligi – 4%ga va bozor xizmatlari – 14,9%ga oʻsishi prognoz qilinmoqda.
Keyingi yilda ham byudjet xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilganligi saqlab qolinib, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan taʼminlash va boshqa ijtimoiy tadbirlar uchun jami Davlat byudjeti xarajatlarining 48 foizi yoki 151,4 trln. soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Bunda:
Inson kapitalini rivojlantirish xarajatlariga 102,5 trln. soʻm;
Aholini ijtimoiy himoya qilish jami xarajatlari uchun 18,6 trln. soʻm, shundan kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar toʻlash xarajatlariga 10,3 trln. soʻm mablagʻ rejalashtirilmoqda.
2024-2026-yillar uchun soliq-byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari sifatida quyidagilar belgilab olindi:
oʻrta muddatda asosiy soliq stavkalarini oʻzgartirmasdan saqlab qolish;
davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foizlik makroiqtisodiy xavfsiz darajadan oshib ketmasligi uchun barcha choralarni koʻrish, bunda oʻrta muddatda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan oshirmaslik;
yillik byudjetni shakllantirishda “Natijaga yoʻnaltirilgan byudjet” tizimini bosqichma-bosqich toʻlaqonli joriy etish;
ish haqi va pensiya miqdorlarini inflyatsiyadan kam boʻlmagan miqdorda oshirib borish;
byudjet ochiqligini taʼminlash hamda byudjetni shakllantirishda fuqarolar ishtirokini yanada oshirish.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring