Davlat dasturining birinchi chorakdagi ijrosi maʼqullandi

18:45 10 May 2023 Siyosat
604 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining yigʻilishida 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2023-yil birinchi chorakdagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi mamlakatdagi yetakchi siyosiy kuch sifatida davlat iqtisodiy siyosati samaradorligining bosh mezoni — mamlakat raqobatbardoshligi, fuqarolar hayoti sifati, oilalar farovonligining izchil va jadal yuksalishi, deb biladi.

Shu bois, yigʻilishda asosan iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, taʼlim, madaniyat, turizm va inson kapitalini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar deputatlarning diqqat markazida boʻldi.

Taqdim etilgan hisobotga koʻra, oʻtgan davrda bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash va yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushini oshirishga qaratilgan sanoat syosatini davom ettirib, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 1,4 barobarga oshirish maqsad qilib olindi.

Birgina iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 10 foizga qisqartirish maqsadida 4,5 ming MVt quvvatga ega 11 ta yirik loyihani yakuniga yetkazish boʻyicha tarmoq jadvali tasdiqlanib, bu borada ishlar tizimli ravishda olib borilayotir.

Shuningdek, raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirish maqsadida “Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish dasturi” tasdiqlandi.

Ushbu Dastur doirasida sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish boʻyicha umumiy qiymati 37,8 mlrd. soʻmga teng 31 ta loyiha moliyalashtirilgan boʻlsa, shundan 6 tasini fundamental, 10 tasini amaliy, 12 tasini innovatsion va 3 tasini xalqaro loyihalar tashkil etadi.

Fraksiya aʼzolari hisobot davrida 2,55 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, prognoz 167 foizga bajarilgani, xususan, asosiy kapitalga investitsiyalar 2,2 mlrd dollarni, jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar boʻyicha 2 mlrd dollarni tashkil etganini ijobiy baholashdi.

Shu bilan birga, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar boʻyicha tarmoq korxonalarida 1 mlrd dollar, hududiy loyihalar boʻyicha 1,3 mlrd dollar mablagʻ oʻzlashtirilgani, investitsiya dasturi doirasida 1,1 mlrd dollarlik 1 795 ta yirik va ahamiyatli loyihalar ishga tushirilishi hisobiga 25,6 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilgani mamnuniyat bilan tilga olindi.

Yigʻilishda OʻzLiDeP saylovoldi dasturining yana bir muhim yoʻnalishlaridan biri qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Qayd etildiki, Davlat dasturida qishloq xoʻjaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xoʻjaligining yillik oʻsishini kamida 5 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.

Unga koʻra, 750 mingta yangi dehqon xoʻjaliklarini tadbirkorga, yer egasiga aylantirish, buning hisobiga qishloqlarda ijtimoiy muammolar, avvalo, ishsizlik va kambagʻallik masalasini hal etish ishlarini davom ettirish boʻyicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq keng qamrovli ishlar olib borildi.

Fraksiya aʼzolari Davlat dasturida belgilangan tadbirlarning ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholash bilan birga, mamlakatda boʻlayotgan oʻzgarishlar sababli tadbirkorlar safi kengayib, aholining aksariyat qismi shu sohada mehnat qilayotganini alohida taʼkidladi.

Muhokamalar davomida Davlat dasturining ijrosi yuzasidan qator savollar berildi, asosli takliflar bildirildi. Deputatlar tomonidan koʻtarilgan barcha savollarga tegishli vazirliklar masʼullari atroflicha javob qaytardi.

Qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng Davlat dasturining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер