Dastlabki shamol trubinalari Jongeldiga olib kelindi
Peshku tumanidagi “Jongeldi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga elektrstansiya qurishda foydalaniladigan shamol trubinalarining dastlabkisi yetib keldi. Bu yerda shamol elektr stansiyasi barpo etish uchun 154 gektar maydon ajratilgan.
Bu viloyatda muqobil energiya manbaiga ega bo‘lish yo‘lida amalga oshirilayotgan ikki yirik loyihaning biridir. Xuddi shunday yumush Gʻijduvon tumanining cho‘l hududida ham amalga oshirilayapti. Har birining qiymati 650 million AQSH dollariga teng loyihani hayotga tadbiq etish mamlakatimiz rahbarining 2021 yil 23 fevraldagi tegishli qarori asosida bajarilmoqda. Ular Saudiya Arabistoni Qirolligining “ACWA POWER” kompaniyasi sarmoyasi evaziga barpo etiladi.
Shu maqsadda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ajratilgan maydonlarda meteo – machtalar o‘rnatildi. Shamol esishi bilan bog‘liq bir yillik ko‘rsatgichlar tahlili olindi. Har bir tumanda podstansiya qurish, havo elektr uzatish tarmoqlarini tortish yumushlariga kirishildi.

Umuman, davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 dekabrdagi 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan investisiya dasturini tasdiqlash, investisiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etishga oid qarori asosida Buxoro viloyatida to‘g‘ridan – to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar hisobidan gaz – porshenli 1 ta elektr stansiyasi, 2 ta shamol va 2 ta foto elektr stansiyasi barpo etiladi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring