Darsning darsligi yoʻq edi

15:17 24 Aprel 2019 Jamiyat
1841 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Sirdaryolik uch nafar muallim- Guliston shahridagi 8, Yangiyer shahridagi 6 va Mirzaobod tumanidagi 15-maktablar oʻqituvchilari Zamira Sattorova, Nazokat Abdusalimova va Nasiba Ahmedovaning 9-sinf uchun “Texnologiya” darsligi 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab asosiy qoʻllanma sifatida oʻqitiladigan boʻldi.

Aytish lozimki, 8-9 sinflar uchun mehnat taʼlimi boʻyicha haligacha aniq bir darslik yoki oʻquv-uslubiy qoʻllanma yoʻq edi. Shu bois mazkur fan oʻqituvchilari darslarni deyarli oʻz bilganlaricha oʻtishardi. Aynan shu fan boʻyicha viloyat “Mahorat maktabi”ning rahbari boʻlgan ushbu darslik tashabbuskori Zamira Sattorova yillar davomida dars ishlanmalarini jamlab bordi. Va 8-9 sinflar uchun “Ishlab chiqarish asoslari va kasb tanlashga yoʻllash” degan dastlabki darslik nusxasini yaratdi.Bu ish 2013 yilda respublika maktablari boʻyicha ommalashtirilib, mehnat taʼlimi darsi shu asosda oʻtilishi joriy qilindi.

Keyin esa Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan darsliklar va oʻquv-metodik komplekslarni ishlab chiqish uchun mualliflarini tanlab olish tanlovida Zamira Sattorovaning kursdoshlari – Nazokat Abdusalimova va Nasiba Ahmedova bilan birgalikda yozgan 9-sinf uchun “Texnologiya” kitobi maʼqullanib, darslik sifatida chop etiladigan boʻldi.

Maʼlumot uchun aytish lozimki, ushbu qoʻllanma joriy yilda 500 ming nusxada,6 tilda bosilishi kutilmoqda.

Unda oʻgʻil bolalar uchun alohida, qizlar uchun alohida qismlar mavjud. Xususan,darslikda oʻgʻil bolalarga “Texnologiya va dizayn yoʻnalishi” degan boʻlimda hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash texnologiyasi, ishlab chiqarish va roʻzgʻorshunoslik, elektronika asoslari, kasb tanlashga yoʻllash hamda ijodiy loyiha tanlash texnologiyasi boblari ajratilgan boʻlsa, qizlarga moʻljallangan boʻlimda ularning oʻzlariga mos va zamonaviy yoʻnalishlarga oid dars ishlanmalari hamda maʼlumotlar joy olgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер