Daraxt ostida qolgan xitoylik yarim million dollar kompensatsiya oldi
Oʻtgan yili mart oyida Xitoyning Xebey provinsiyasi Lanfan shahridagi koʻchalardan birida velosiped haydab ketayotgan Yan ustiga yoʻl chetidagi daraxtlardan biri qulab, velosipedchi jiddiy jarohat oladi.
Oqibatda olgan jarohatlari tufayli qariyb bir yil kasalxonada davolangan Yan bir million yuandan (taxminan 155 ming dollar) oshiq xarajat qilishiga toʻgʻri keldi. Eng yomoni, birinchi guruh nogironiga aylandi.
Yan mahalliy obodonlashtirish markazini sudga berib, koʻrgan moddiy va maʼnaviy zararlari uchun 4,3 million yuan (taxminan 667 ming dollar) miqdorida tovon puli talab qildi. Jabrlanuvchining taʼkidlashicha, markaz daraxt ekish va parvarishlash ishlariga vijdonan yondashmagan. Buning isboti tariqasida ustiga qulab tushgan daraxt ildizi qurib qolganiga oid fotosuratlarni taqdim etdi.
Sud ayblanuvchi jabrlanuvchiga 3,7 million yuan (taxminan 574 ming dollar) miqdorida kompensatsiya toʻlashi haqida qaror chiqardi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring