“Dadajon, onajon, endi sizlarni eshityapman...”
Foto: “Xalq so‘zi”
Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahridagi 90-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatida eshitishda nuqsoni bo‘lgan 202 nafar o‘quvchiga 97 nafar o‘qituvchi hamda 50 nafar tarbiyachi g‘amxo‘rlik qiladi. Zamonaviy o‘quv binolari, shinam oshxona va o‘quvchilar turar joyida barcha qulayliklar muhayyo qilingan.
Kuni kecha “Zamin” xalqaro jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, sog‘liqni saqlash, xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim vazirliklari hamkorligida o‘tkazilayotgan “Men eshitishni xohlayman” loyihasi doirasida ushbu taʼlim maskani o‘quvchilariga ham eshitish moslamalari topshirildi. Maktab-internatning 185 nafar o‘g‘il-qizlariga bepul tarzda yetkazib berilgan “Resound HI, EQ998-DWT” zamonaviy eshitish moslamasi tibbiyot xodimlari tomonidan nazoratdan o‘tkazilgandan keyin foydalanish uchun tavsiya etildi.
Maʼlumotlarga qaraganda, hozirda mamlakatimizda 15 ming nafarga yaqin inson eshitish qobiliyatida tug‘ma yoki orttirilgan zaiflik bilan yashamoqda. Ular orasida bolalar ham ko‘pchilik ekanligini inobatga olib, “Zamin” fondi eshitish qobiliyati zaif o‘g‘il-qizlar uchun maxsus taʼlimni rivojlantirish dasturini taqdim etdi. Loyiha doirasida yurtimiz bo‘ylab jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan o‘quvchilarning eshitish qobiliyatini tiklash, maxsus eshitish moslamasini bepul taqdim etish ishlari amalga oshirilyapti.
-Qulog‘imda hamisha qandaydir shovqinli ovoz eshitilib turaverardi,— deydi maktab-internatning bitiruvchi sinf o‘quvchisi Havasxon Sultonaliyeva.— Bunday muammo bilan o‘qish juda og‘ir... Gapirishsa-yu, eshitmasam, juda ham xafa bo‘lardim. Tengdoshlarim davrasida bo‘lishdan uyalardim. Endi esa men ham eshityapman. Bu quvonchli yangilikni ota-onamga yetkazib, onajonimning “Seni yaxshi ko‘ramiz, qizim” degan so‘zlarini ilk bor o‘z qulog‘im bilan eshitib, behad quvondim.
Bu qanday baxt! Dadajon, onajon, endi sizlarni eshityapman...
Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring