“Dadajon, meni olib keting...”

12:47 03 Dekabr 2021 Jamiyat
789 0

Foto: "Xalq so'zi"

Nodirjonning koʻzlari olazarak, kelgan-ketganlar orasidan otasini izlaydi. “Dadajon, meni olib keting!” deb kimni koʻrsa, qoʻlchalarini uzatadi. Koʻzlaridan oqayotgan munchoqdek yoshga qarab ezilib ketadi kishi...

Birdan u yugurib kelib, Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan bolalarga sovgʻa ulashayotgan harbiy yigit oyoqlarini quchoqladi: “Dadajon, meni olib keting!”

Yigit noqulay holatga tushib qoldi. Tarbiyachi keliboq bolani undan ajratib olar ekan, yigitning koʻzlaridan yosh oqayotganini sezdi.

— Bola-da, har koʻrgan erkakni otam deb oʻylaydi, — deydi Qarshi Muruvvat uyi direktori vazifasini bajaruvchi Nilufar Xayrullayeva. — Bu yerda 293 nafar aqliy va qoʻl-oyogʻida nuqsoni boʻlgan bolalar tarbiyalanadi. Jismoniy holatiga qarab ularni guruhlarga ajratganmiz. Baʼzilarining ota-onalari kelib turadi. Lekin kimni koʻrsa, otasiga oʻxshatayotgan bu bola  va u kabi bir necha tarbiyalanuvchilarimiz ota-onalari umuman xabar olmaydi. Tan olish kerak, davlatimiz bunday bolalarga mehr-muhabbat koʻrsatmoqda. Ayniqsa, Muruvvat uyidan  qadami uzilmaydigan, quchogʻini toʻldirib sovgʻalar koʻtarib kelayotgan homiy tashkilotlarga oʻz minnatdorligimizni  bildiramiz.

3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan ushbu Muruvvat  uyida ham xayriya tadbiri oʻtkazildi. Unda partiyalar, harbiy qism va boshqa tashkilotlar vakillari sovgʻa-salomlar bilan kelib, bolajonlar dardini unutishga, murgʻak koʻngilariga quvonch olib kirishga muvaffaq boʻlishdi.

— Farzand dunyoga keldimi, demak, unda yashash huquqi bor, bu huquqni cheklashga hech kimning haqqi yoʻq, — deydi 1329-sonli harbiy qism komandirining tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, mayor Maʼruf Musayev. — Bugun Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan harbiy qismimiz zobit va askarlari tashabbusi bilan nogironligi bor oʻgʻil-qizlar holidan xabar olish uchun keldik. Biz ulashgan savgʻa-salomlar ular qalbiga ozgina boʻlsa-da, quvonch olib kirgan boʻlsa, bundan juda mamnunmiz. 

Bayram tadbirida Oʻzbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurti yosh orkestri jamoasi tomonidan ijro etilgan musiqalar bolajonlar dilini yayratdi.

 Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер