Bojxona qo‘mitasi korrupsiyaga qarshi kurashish uchun xorijlik ekspertlarni jalb qildi
Davlat bojxona qo‘mitasida xalqaro ekspertlar ishtirokida “Zamonaviy xalqaro majburiyatlarga muvofiq prinsipial rivojlanishga ko‘maklashish” mavzusida o‘quv treningi o‘z ishini boshladi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati katta inspektori Husan Tangriyev “Xalq so‘zi”ga ma’lum qildi.
Davlat bojxona qo‘mitasining tashabbusi va taklifiga binoan o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda Jahon bojxona tashkiloti ekspertlari O.Jalitova va I.Kikilik korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlar va tajriba, bu yo‘nalishdagi so‘nggi tendensiyalar haqida ma’ruzalar va trening mashg‘ulotlarini olib borishmoqda.
Shu sabab tadbirda respublikamizning barcha hududlaridan bevosita ushbu sohaga aloqador bojxona xodimlari ishtirok qilishmoqda.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yangi va yanada faol bosqichga ko‘tarilgan. Buni bevosita davlat bojxona xizmati organlari faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan bojxona organlari tizimida korrupsiya ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish, xalqning ishonchini mustahkamlash va davlat bojxona xizmati obro‘sini oshirish O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarini isloh qilishning muhim yo‘nalishlari biri sifatida qayd etildi.
Shu maqsadda hozirda bojxona organlarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha institutsional o‘zgarishlar, ularning vazifa va funksiyalarini optimallashtirish, bojxona organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, bojxona nazorati samaradorligini oshirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring