COVID-19: AQSHda mahalliy gazetalar nega yopilyapti?
Koronavirus dunyoda keng quloch yozgan bir paytda ishonchli axborotga talab katta, biroq reklamadan daromad keskin kamaygani bois AQSH boʻylab mahalliy gazetalar xodimlari sonini qisqartirishga va hatto yopilishga majbur.
Floridadagi “Tampa Bey Tayms” (Tampa Bay Times) gazetasi 11 muxbirni boʻshatib, onlayn rejimga oʻtib oldi. Sietlda chop etiluvchi “Streynjer” (The Stranger) nashrida 18 xodim ishidan ayrilgan. “Denver Post” (The Denver Post) va “Boston Herald” gazetalarida ham ahvol shu.
Soʻnggi bir oyda axborotni onlayn qidirayotganlar koʻpayganiga qaramasdan, koronavirus olib kelgan iqtisodiy turgʻunlik oxirgi 10 yildan beri inqirozni boshdan kechirayotgan bosma matbuotga yana bir zarba boʻldi.
Mahalliy gazetalar tiraji kamayib, tahririyatlarida ish soati, xodimlar soni qisqargan, koʻpchiligi hatto umuman faoliyatdan toʻxtagan. Pandemiya davrida koʻpgina bizneslar yopiq va reklama bermay qoʻygan. Bu esa aksar mahalliy nashrlarning asosiy daromad manbai edi.
Massachusets shtatining Attleboro shahrida chop etiluvchi “San Kronikl” (The Sun Chronicle) gazetasi muharriri Kreyg Borgesning aytishicha, onlayn tashrif buyuruvchilar soni keskin oshganiga qaramasdan, tahririyat allaqachon xodimlar sonini qisqartirib boʻlgan. Bor xodimlar bilan oʻquvchilar talabini qondirishga harakat qilyapmiz, deydi u.
“Tahririyatda 10 tacha xodim qolgan. Umid qilamanki, bir amallab qalovini topamiz”, — deydi muharrir.
AQSHda oxirgi 15 yilda 2000 dan ziyod shahar va qishloqlarda gazetalar yopilgan. Muxbirlar soni 2004-yilga nisbatan teng yarmiga kam. Oʻquvchilar axborotni internetdan olishni afzal koʻrmoqda. Shu sabab, tabiiyki, reklama beruvchilar ham internetga koʻchdi.
“Nyu-York Tayms” (The New York Times), “Vashington Post” (The Washington Post), “Vol Strit Jornal” (The Wall Street Journal) kabi yirik gazetalarning millionlab onlayn obunachilari bor, ammo koʻpgina bosma nashrlarning qozoni asosan reklama hisobiga qaynaydi. Pandemiya tufayli koʻpgina bizneslar faoliyati toʻxtashi bilan reklama beruvchilar ham keskin kamaygan.
Xalqaro yangiliklar media assotsiatsiyasining tadqiqotlariga koʻra, reklama bozori yildan-yilga qisqarib bormoqda. Oxirgi bir necha hafta ichida AQSH gazetalarining reklamadan keluvchi daromadi 20-30 foizga kamaygan.
Soʻnggi haftalarda koʻpgina nashrlar mablagʻ tejash uchun xodimlari maoshini qisqartirish yoki oʻz hisobidan taʼtilga chiqarishga majbur boʻlgan. Baʼzi nashrlar faoliyati hatto umuman toʻxtadi. Baʼzilari faqat onlayn koʻrinishga oʻtdi.
Mahalliy nashrlarga koʻmaklashuvchi “GroundTruth Project” nodavlat tashkilotining bildirishicha, baʼzi tahririyatlarda xodimlarning hatto yarim oyligini toʻlashga ham qurbi yetmaydi.
Prezident Donald Tramp imzo chekkan 2,2 trillion dollarlik yordam pulidan kichik mahalliy nashrlarga xodimlarini ishdan boʻshatmaslik sharti bilan kredit va grantlar ajratilishi mumkin. Bosma matbuot manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlar prezident va Kongressga joʻnatgan maktubda matbuot mustaqilligini saqlab qolish uchun davlatdan moliyaviy yordam olish haqida ham gap boradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring