Chustning yoshi nechada?

14:43 10 Oktyabr 2022 Jamiyat
1265 0

Foto: Xalq so‘zi

Qadimshunoslar Fargʻona vodiysining shimoliy qismida, togʻ etagidagi tekislikda joylashgan mazkur koʻhna shaharning tarixi soʻnggi bronza va ilk temir davriga mansubligi haqida dalolat keltirishadi. Shahar oʻtmishiga doir maʼlumotlarda oʻrta asrlarda bu joy harbiy qalʼa sifatida rivojlangani va Boburning otasi Umarshayx Mirzo 1480-yilda Chustni oʻz qarorgohiga aylantirgani qayd etilgan. XVI asr boshlarida esa Chust bir nechta qoʻrgʻondan iborat boʻlib, ular umumiy devor bilan oʻralgan. 1882-yilda qalʼa devorlari buzib tashlangan. Shahar kengayib, 1886-yildan Chust uyezdi markazi vazifasini bajargan.

— Chust madaniyati yodgorliklarini qazish jarayonida ularning quyi qatlamidan doira shaklida qurilgan koʻplab oʻralar topilgan. Masalan, Chust makonida 60 dan ortiq, Chimboy makonida esa 16 ta ana shunday oʻra ochilgan. Ularning qanday maqsadda qurilgani toʻgʻrisida turli xil fikrlar mavjud. Bir guruh olimlar “kulba” deb talqin etsa, boshqa bir guruh olimlar Fargʻona vodiysida yaqin kunlargacha anʼana boʻlib kelgan gʻalla ombori deb biladilar, — deydi Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi, qadimshunos Sergey Baratov. — Qazilmalar fonida aniqlangan gʻishtdan qurilgan uylar, yaʼni xonadonlar qoldiqlari Chust madaniyati tarixining ikkinchi bosqichidan darak beradi. Chunki dastlab qadimgi Fargʻona dehqonlari yarim yertoʻla va chaylalarda istiqomat qilganlar. Bu esa ularning nasl-nasabi va kelib chiqishi jihatidan qadimgi chorvador qabilalardan ajralib chiqqanliklarini tasdiqlaydi.

Chustda ish olib borayotgan mutaxassislar arxeologik tadqiqotlar natijasidan kelib chiqib «Bibiona» yodgorligining madaniy qatlamlari va qoʻlga kiritilgan moddiy ashyolarni ilmiy jihatdan tahlil qilish jarayonida davrlashtirish masalasi qaytadan kompleks oʻrganishni taqozo etayotganini taʼkidlashdi.

— Shundan kelib chiqib oʻrganilgan qazuv obyektini kelgusida yanada kengaytirish va bu yerda “Ochiq osmon ostidagi muzey” tashkil etish zarurati bor, — deydi Axsikent madaniy meros yodgorligini saqlash va tadqiq qilish direksiyasi ilmiy xodimi, qadimshunos Shukrullo Nasriddinov. — Endilikda yodgorlikda paleozoologik va paleobotanik tadqiqotlarni zamonaviy uslublar orqali olib borish lozim. Boisi, hozirgacha oʻrganishlar natijasida madaniy qatlamlardan koʻplab hayvon suyaklari va oʻsimlik qoldiqlari topilgan.

Qadimshunos mutaxassislar Chustdagi tadqiqotlarni davom ettirishda zamonaviy vositalar, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining Yuqori texnologiyalar laboratoriyasi asosida yodgorlikni skaner qilish (foto magnitli skaner), planiografik va stratigrafik qazishma ishlarini olib borish zaruratiga eʼtibor qaratishmoqda. Bundan tashqari «Bibiona» arxeologik manzilining muhofaza chegarasini aniqlashtirish va obyektni turli tashqi taʼsirlardan himoya qilish rejasini ishlab chiqish ham kunning dolzarb masalasi sifatida aytilayotir.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер