Chustda terimchilarga 8,9 milliard soʻm xaq toʻlandi

“Xalq soʻzi Online”. Qudratilla Najmiddinov/Namangan. Chust tumani davlatga paxta sotish boʻyicha shartnomaviy rejani bajardi. Hosilni yigʻishtirib olishga qatnashgan terimchilarga 8,9 milliard soʻm xaq toʻlangan.
Yigʻim-terim ishtirokchilari mehnatining oʻz vaqtida va munosib hisob-kitob qilinishi natijasida terim uyushqoqlik bilan tashkil etilib, tuman paxta tayyorlash shartnomaviy rejasini viloyatda birinchi boʻlib uddaladi.
Aytish kerakki, shundoq ham suv taqchil boʻlgan Chustda dehqonchilik qilish oson emas. Joriy yil yozining odatdagidan yuqori harorati esa bu muammoni ancha jiddiylashtirdi.
Shunga qaramay 4004 gektar maydonda dehqonchilik qilgan 287 fermer xoʻjaligi mehnatchilarining koʻzlangan darajada hosil yaratilganidan va qisqa muddatda terib olinganidan kayfiyati chogʻ. Hozirga qadar yigʻib olingan hosilni xomchoʻt qilgan hisobchilarning aytishiga qaraganda tarmoqning yillik daromadi 36 milliard soʻmdan ortadi. Bu, paxtakorning hamyoniga yaxshigina pul tushadi, degani.
Qayta ishlash korxonalariga 10270 tonna xom ashyo yetkazib bergan tuman paxtakorlari terimni jadal davom ettirishyapti. Mavsum ohiriga qadar shartnomaviy rejaga qoʻshimcha yana 4 ming tonna hosil yigʻib olishni maqsad qilingan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring