Chortoqdagi maktabda byudjetdan tashqari bir yarim milliard soʻmga yaqin mablagʻ ishlab topildi
Foto: Xalq so‘zi
Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 40-umumiy oʻrta taʼlim maktabida byudjetdan tashqari mablagʻ topish yoʻlida olib borilayotgan ishlar nafaqat ushbu hududda, balki respublika miqyosida eʼtirofga sazovor, ommalashtirishga loyiq. 2 ming 126 nafar oʻquvchiga 110 nafar pedagog-xodim taʼlim-tarbiya berayotgan dargohda oʻtgan oʻquv yili mobaynida 1 milliard 480 million soʻm mablagʻ ishlab topildi. Bu har jihatdan koʻrkam va taraqqiyot asri talablariga mos qulayliklarga ega boʻlgan maʼrifat maskanidagi imkoniyatlar koʻlamini yanada kengaytirdi. Xususan, ayni yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar jarayonida 16 ta yangi mehnat oʻrni yaratilib, shuncha pedagog-xodim ish bilan taʼminlandi. Oʻqituvchilar xonasi uchun zamonaviy mebellar xarid qilingan boʻlsa, 22 ta sinf xonasiga smart televizor, 4 ta konditsioner, 2 ta elektron doska olinib, 42 ta sinf xonasi toʻla taʼmirdan chiqarildi.

Izlanish va intilishlar oʻqituvchi hamda oʻquvchilarni yangidan-yangi tashabbuslarga undamoqda. Masalan, bu yerda tashkil etilgan “Shukrona” qoʻgʻirchoq teatri 45 nafar isteʼdodli va iqtidorli oʻquvchilarni qamrab olgan, hatto muallimlarning 17 nafari ham uning faol aʼzolari sanaladi. Yosh talantlar tomonidan ustozlar koʻmagida “Shum bola”, “Boburnoma” asarlari asosida, shuningdek, “Afandining besh xotini”, «Buratino», “Qizil shapkacha” ertaklari sahnalashtirilib, tomoshabinlarga taqdim etildi.
Maktabda asosiy oʻquv mashgʻulotlariga qoʻshimcha ravishda faoliyat koʻrsatayotgan beshta fan toʻgaragiga 180 nafar oʻquvchi qamrab olingan. 6 ta tayyorlov guruhida 320 nafar kichkintoy maktabga tayyorlanmoqda. Eʼtiborlisi, “Stenford” oʻquvchilarni xalqaro sertifikatlarga tayyorlov guruhida koʻplab oʻgʻil-qizlar zamonaviy bilimlarni egallashmoqda. Natijalar ham shunga monand. Chunonchi, oʻtgan oʻquv yilida aynan shu guruhda saboq olgan yoshlarning 42 nafari IELTS xalqaro sertifikatini qoʻlga kiritgan edi. Joriy yilning ayni davriga qadar esa yana 20 nafar oʻquvchi IELTSdan yuqori ball oldi.
— Qoʻshimcha toʻgaraklar, oʻquv kurslari va tayyorlov guruhlari tashkil qilish, oshxonani ijaraga berish kabi mavjud imkoniyatlardan foydalanish saʼy-harakatlari natijasida topilgan mablagʻ iqtidorli oʻquvchilarni taqdirlashda, oʻqituvchilarni ragʻbatlantirishda ham muhim omil boʻlmoqda,— deydi maktab direktori Gulbahor Xoshimova.
Faol mehnat, intilishlarning yana bir samarasi sifatida oʻtgan oʻquv yili yakuniga koʻra, maktabni bitirgan 117 nafar oʻgʻil-qizning 95 nafari oliy taʼlim muassasalari talabasiga aylanganini aytish kifoya.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring