Choʻlpon Buxoroga nega borgan edi?
Foto: Xalq so‘zi
Oʻzbek davlatchiligi tarixida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (1920 - 1924) davri muhim oʻrin tutadi. Oʻsha paytda yangi tashkil qilingan respublikada madaniy muassasalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish dolzarb vazifa edi. Shuning uchun Turkiston ASSRdan koʻplab mutaxassislar taklif etila boshlanadi.
Shu oʻrinda bir misol. Mannon Uygʻur 1921-yilning aprel oyi oʻrtalarida Buxoroda teatr truppasini tashkil qilishda faol ishtirok etgan. Oʻsha yilning may oyi oxirlarida Buxoroga taklif qilingan Abdulhamid Choʻlpon ham bu masalada koʻmagini ayamagan. Natijada kichik truppalar bir teatrga birlashtirilib, maorif nozirligi ixtiyoriga oʻtadi va davlat teatriga asos solinadi. Teatrda Mannon Uygʻur rejissyor, Choʻlpon adabiy maslahatchi boʻlib ishlagan.
Choʻlponning Buxorodagi hayoti va faoliyati koʻplab olimu tadqiqotchilar tomonidan oʻrganilgan. Bu haqida batafsil toʻxtalish niyatida emasmiz. Taʼkidlamoqchimizki, shoirning Buxoroga kelishi va bu yerdagi faoliyati davriga oid turlicha qarashlar mavjud. Jumladan, taniqli olim Naim Karimov “Lekin agar u (Choʻlpon) Toshkentdagi ilmiy ijodiy hayotidan mamnun boʻlganda, ayniqsa, oilaviy hayoti ravon kechganda, bizningcha, “Buxoro axbori” gazetasiga ishga bormagan boʻlar, ehtimolki, Fitrat ham uni chorlamagan boʻlardi”, deb yozadi. Bu oʻrinda adabiyotshunos olim Choʻlpon aynan gazetaga muharrirlik qilgani kelgan, degan fikrni oʻrtaga tashlayapti.
“Turkistondagi milliy ozodlik harakatlariga bogʻlangan Choʻlponning umidlari sarobga aylangan bir vaqtda Fitratdan taklif keladi. Amirlik tugatilgandan keyin umid koʻzi bilan boqqan jadidlar Buxoroga yigʻila boshlaydilar. Ular respublikani mustahkamlash bilan birga Turkiston ozodligi uchun kurashni maqsad qilganlar. “Bulardan xabardor Choʻlpon Fitratning taklifiga rozilik bergan”, degan fikrni beradi yana bir zabardast olim D. Quronov.
B. Doʻstqorayev fikriga koʻra, “Buxoro axbori” gazetasi birinchi muharriri Muhammad Said Ahroriy Buxoro Xalq Sovet Respublikasining Ozarbayjondagi elchisi lavozimiga tayinlangan. Uning Bokuga ketishi maʼlum boʻlgach, gazeta muharrirligiga Choʻlpon taklif etiladi.
Xullas, qizgʻin ijodiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan Choʻlponning Buxoroga kelishi sabablari manbalarda turlicha ifodalangan. Shunisi ayonki, Fitrat madaniy ishlar samaradorligini oshirish uchun Buxoroga Mannon Uygʻur, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Choʻlpon kabi adabiyot va sanʼat namoyandalarini taklif qiladi. Turkiston ASSR toʻlaligicha sovetlashib, mustaqillik uchun kurashish imkoniyatlari tobora mushkullashib borayotgani tufayli millatparvarlar Buxoroga yigʻila boshlaydilar. Shu nuqtayi nazardan 1921-yilda “Turon” teatrida faoliyat yuritgan Choʻlpon ustozi Fitrat bilan yonma-yon ishlashni oʻziga maʼqul koʻrgan boʻlsa kerak. Buxoroga kelishi bilan bogʻliq xotiralar Choʻlponning “Yoʻl esdaliklari” ocherkida aks etgan. Garchi Buxoroga kelish taklifini qabul qilgan boʻlsa-da, safar arafasida turli oʻylarga tolgan shoirning kayfiyatida ruhiy tushkunlik holati kuzatiladi. Hatto Buxoroga kelgach, ayrim turkistonliklar tomonidan tanqidga uchraganligi maʼlum. Ushbu tanqidlar asossizligini uqtirmoqchi boʻlgan shoir oʻzining “Men qochmadim” (Toshkentdagi oʻrtoqlarimgʻa) sheʼrini yozadi:
Men qochmadim! – Nega meni “qochdi” deb
Yoʻqqa muncha shovqun – suron qildingiz?
Choʻlpon Buxoroda, avvalo, yoshlar va askarlar oʻrtasida madaniy – maʼrifiy ishlarni yoʻlga qoʻyishga kirishadi. Soʻngra gazetada bosh muharrir boʻlib ishlaydi, bir muddat BXSR maorif nozirligida faoliyat yuritadi. 1921-yil 27-maydan 1922-yilning 20-martiga qadar Buxoroda yashab ijod qiladi.
Biz Choʻlpon Buxoroga aynan gazetaga muharrirlik qilmoq uchun kelgandi, degan fikrga qoʻshilmaymiz. U bu shaharga madaniy-maʼrifiy sohani jonlantirish uchun chorlangan va gazeta muharrirligi boʻshab qolganda Choʻlpon Buxoroda boʻlganligi bois Fitratning taklifi bilan hukumat rahbari Fayzulla Xoʻjayev shoirni muharrirlik lavozimiga tayinlagan. U 1921-yilning 30-iyunidan 1922-yilning 15-yanvarigacha gazetada muharrir lavozimida ishlaydi. Shu tariqa “Buxoro axbori”ning 41-67 sonlari Choʻlpon rahbarligida dunyo yuzini koʻradi.
Siyosiy – ijtimoiy, ijodiy-madaniy faoliyatga oilaviy muammolar qoʻshilib. shoirni toliqtiradi. Bezgak bilan ogʻrigan adib 1922-yilning 4-yanvaridan 5-fevralgacha Kogondagi harbiy shifoxonada davolanadi. Gazeta faoliyati toʻxtab qolmasligi uchun adibni muharrirlik lavozimidan ozod etishga majbur boʻladilar.
Shoirning oʻsha kezlarda qogʻozga tushgan bir sheʼrida shunday misralarni oʻqish mumkin:
Ogʻriq qoldi, qaygʻu oldi, zor qoldi,
Sunuk koʻzli bagʻri ezik yor qoldi.
Alam qoldi, firoq oldi, qon oldi,
Amal qoldi… koʻz yoshli jon qoldi
Shoirning “Amal qoldi” deya uch nuqta qoʻyishi bejiz emas. Bu muharrirlik amalidan ayrilganligiga ishora edi.
Choʻlpon muharrirlikdan keyin ham maʼlum vaqt Buxoroda qoladi va adabiy - madaniy jarayonlarda ishtirok etadi.
Abdulhamid Choʻlponning ayrim sheʼrlari uning 1922-yil may oyida ham Buxoroda boʻlganligini isbotlaydi. Negaki, “Barg”; “Erkinlik istagi” sheʼrlari ostiga “Buxoro, 1922-yil” deb imzo chekilgan.
Uning Buxoroga navbatdagi safari 1923-yil 28-aprel - 8-may kunlariga toʻgʻri keladi. Safardan koʻzlangan maqsad “Nashri maorif” jamiyatining Buxoro boʻlimini tuzish edi.
Adabiyotshunos Naim Karimovning yozishicha, 1928-yil 18-may sanasida ham Choʻlpon drama truppa tarkibida gastrol safari bilan Buxoroda boʻlgan.
Amongeldi AHMATOV,
Buxoro davlat universiteti oʻqituvchisi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring