Choʻli ham, koʻli ham bor tuman
Foto: Халқ сўзи
Ulugʻnor Andijon viloyatining eng chekka hududlaridan biri boʻlib, qoʻshni Fargʻona viloyatining Yozyovon tumaniga yondosh. Bir paytlar qum barxanlaridan iborat boʻlgan hudud hozirda haqiqiy boʻstonga aylangan. Qishloq xoʻjaligidan tortib yengil sanoatgacha kirib kelgan Ulugʻnordan ona tabiat saxovatini ayamagan. Andijon viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan 5-iyun - Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bagʻishlangan tadbirlarni aynan Ulugʻnorda oʻtkazgani sababi ham shunda.
Tumanga uyushtirilgan ekotur ishtirokchilari dastlab tabiat moʻjizalarini oʻzida mujassam etgan “Doʻstlik” massividagi qum barxaniga tashrif buyurdilar.

— Ulugʻnorda hozirda qishloq xoʻjaligi keng rivojlangan, — deydi Andijon viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Azizbek Akbarov. — Shunday boʻlishiga qaramay, 50 gektardan iborat qum barxanlaridan ham xoli emas. Ular tabiatda qanday paydo boʻlgan boʻlsa, shu holatda saqlanmoqda. Bu yerda “Qizil kitob”ga kiritilgan oʻnlab hayvon, parranda va sudralib yuruvchilarni koʻrish mumkin. Sunʼiy sharoitga hojat yoʻq. Hatto ayrim jonivorlarni koʻpaytirish uchun ham tabiiy imkoniyatlardan foydalaniladi. Bu kabi manzillarni asrash borliqni, iqlimni, olamni oʻzgarishdan asraydi.
Ulugʻnor qumlikdan iborat choʻlgina emas, balki, choʻldan ham kengroq maydonni egallovchi koʻliga ham ega. “Andijon baliq” MCHJga qarashli ushbu manzilda 60 ga yaqin koʻl va hovuzlar mavjud.
— 1,5 ming gektar maydondan iborat ushbu koʻlning oʻziga xos jihatlari mavjud, — deydi boshqarma boshligʻining oʻrinbosari Dilmurodjon Toʻraqulov. — Masalan, bu yerda “Qizil kitob”dan oʻrin olgan va Andijon viloyatining hech bir manzilida uchramaydigan turangil, yovvoyi jiyda daraxtlarini, yulgʻin butasini koʻrishingiz mumkin. Ular tabiiy sharoitda unib chiqqan va hech qanday parvarishsiz “yashamoqda”. Bundan tashqari suv oʻtlarining 20 dan, sudralib yuruvchilarning 15 dan, parrandalarning 50 dan, baliqlarning 20 dan ortiq turlari bor. Mana shunday tabiat inʼomini brokonerlardan asrash, keyingi avlodlarga ham meros qoldirish maqsadida aniq va puxta rejalar ishlab chiqqanmiz.

“Andijon baliq” MCHJ rahbari Abdusalom Roʻzmatovning maʼlum qilishicha, ushbu hovuzlarda sazan, oq amur, qora chipor kabi baliq turlari parvarishlanmoqda. Jamiyat tomonidan 2021-yilda ichki bozorga 4,5 ming tonna baliq yetkazib berilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 5 ming tonnani tashkil etishi koʻzda tutilgan. Talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda intensiv usulda baliq parvarishlash, yangi baliq turlarini olib kelish va mahalliy sharoitga moslashtirish ishlari olib borilmoqda. Qayta ishlash va yiliga 4,5-5 ming tonna ozuqa granulasi tayyorlovchi korxonalar mavjud.
Ekotur doirasida sohada faollik koʻrsatayotgan xodimlar, mamlakatimizda ekologik muhit barqarorligini taʼminlashga hissa qoʻshayotgan OAV xodimlari va ijtimoiy tarmoq faollari ragʻbatlantirildilar.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring